Hozir Ukraina to‘liq miqyosli harbiy harakatlarning boshida «barcha taxmin qilganidan ko‘ra ko‘proq qurol» olmoqda, biroq bu imkoniyatlar Rossiyadan aniq ustunlikka ega bo‘lish uchun hali ham yetarli emas, dedi Zelenskiy.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina havo mudofaa tizimini kuchaytirish bu borada alohida ahamiyatga ega.
Ukraina artilleriyasi Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan snaryadlardan foydalanmoqda, deb yozgandi avvalroq Financial Times.
Bunday o‘q-dorilarni Baxmut hududida jang qilayotgan harbiy xizmatchilar jurnalistlarga ko‘rsatgan. Ularning ta’kidlashicha, snaryadlar Ukrainaga «do‘stona» davlat tomonidan topshirilgan va ularni qandaydir kemadan «qo‘lga kiritishgan». FT suhbatdoshlari boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi Yuriy Sak so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan o‘q-dorilarni Rossiya qo‘shinlaridan harbiy texnika bilan birga tortib olgan bo‘lishi mumkin.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol yetkazib bergan bo‘lishi dargumon, chunki KXDR rejimi Rossiyani qo‘llab-quvvatlaydi.
Belgilarga ko‘ra, bu snaryadlarning aksariyati 1980- va 1990-yillarda ishlab chiqarilgan. Harbiylar ularning sifatidan norozi, o‘q-dorilar jang paytida otilmay qoladi yoki portlab ketadi.

















