Faollar Surxondaryo viloyati hokimi va maktab direktori o‘rtasidagi tortishuvga munosabat bildirib, hokimlarning ta’lim jarayoniga aralashuvini darhol cheklash, Ulug‘bek Qosimov esa bu holatda jazolanishi kerakligini aytmoqda.
Hokim bilan tortishgan pedagogga ma’muriy qamoq jazosi berildi
3 avgust kuni Kun.uz’da Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda 28-maktab direktori Umida Tursunova o‘rtasida yig‘ilishlardan birida janjal yuzaga kelgani haqida xabar berildi.
Ishdan bo‘shatilgani tufayli hokim bilan tortishgan, buning ortidan ma’muriy qamoq jazosi olgan pedagog masalasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova tomonidan nazoratga olindi.
Vazir Umarova maktab direktori qamoq jazosidan ozod etilganini, u ishga qayta tiklanib, hozirda uyida ekanini ma’lum qilib, mahalliy hokimliklarni ta’lim jarayoniga arlashmaslikka chaqirdi.
Shundan so‘ng Hilola Umarovaning pedagog bilan telefon orqali suhbatlashgani aks etgan video taqdim etildi. Vazir maktab direktori bilan gaplasharkan, hamma narsa nazorat ostida ekanini, har bir pedagog davlat rahbarining himoyasidaligini ta’kidlagan. 7 kun qamoqda bo‘lgan direktor esa unga nisbatan bosimlar bo‘lishidan xavotirda ekanini bildirgan.
Faollar nima deydi?
Ta’lim bo‘yicha mutaxassis, pedagog Shokir Tursun bu jarayonda birinchi navbatda hokimning direktorni ishdan olishga buyruq berishga haqqi bor yoki yo‘qligini ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlaydi.
«Bor bo‘lsa, nega vazir aralashgach, o‘z fikrini o‘zgartirdi, qarori xato ekanini tushundimi yoki vazirning ta’siri bo‘ldimi? Agar haqqi yo‘q bo‘lsa, nega bunday buyruqni berishga jur’at qildi? Unda bu borada qanday richag bor? Agar buyrug‘i noto‘g‘ri yoki noqonuniy bo‘lsa, o‘sha hokimga nisbatan jazo qo‘llanadimi? Ya’ni har uchala taraf (direktor, hokim, vazir)ning harakatlariga huquqiy bahoni kim beradi?»









