Muzokaralarda Ukraina vakilari, G‘arb mamlakatlari, shuningdek rivojlanayotgan mamlakatlardan delegatsiyalar qatnashmoqda.
Yig‘ilishda jami 40 mamlakatdan, jumladan AQSh, Xitoy, Hindiston, Braziliya, Indoneziya, Misr, Meksika, Chili va Zambiyadan diplomatlar hozir bo‘lgan.
Moskva Jiddadagi uchrashuv ishtirokchilari muhokama qilayotgan shartlarni nomaqbul deb hisoblaydi.
Bu iyun oyi oxirida Kopenhagenda boshlangan muzokaralar jarayonining davomi bo‘lib xizmat qiladi. O‘shanda Daniya poytaxtidagi uchrashuvda Ukraina delegatsiyasi, G7 mamlakatlari va «global Janub» mamlakatlari vakillari Zelenskiy tomonidan taklif etilgan «Ukraina tinchlik formulasini yanada tatbiq etish» masalasini muhokama qilishgan.
Bu Formula boshqa narsalar qatori, Ukraina hududlarini 1991 yilgi chegaralarga qaytarish va Rossiya tomonidan reparatsiya (tovon) to‘lanishini ko‘zda tutadi.
Zelenskiy o‘zining kechki murojaatida uchrashuvda davlatlar rahbarlari maslahatchilari yig‘ilishida dunyoning 42 mamlakatidan vakillar ishtirok etayotganini aytib o‘tdi.
«Turli davlatlar, global ishlarga turlicha siyosiy yondashuvlar. Ammo barchani xalqaro huquq ustuvorligi birlashtiradi va aynan shuning uchun Ukraina tinchlik formulasini taklif qildi. Chunki Rossiyaning tajovuzkorligi bilan buzilgan xalqaro tartibni tiklash kerak edi», — degan Zelenskiy.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Jiddadagi uchrashuv arafasida oldinda qiyin muzokaralar kechishi kutilayotganini yozgandi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina rivojlanayotgan davlatlarni ham Zelenskiyning tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlash zarurligiga ishontirishga harakat qilmoqda.
O‘z navbatida, Volodimir Zelenskiy Jiddadagi muzokaralar jahon yetakchilari darajasida sammit o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga olib kelishiga va unda ham Ukrainaning tinchlik rejasi muhokama qilinishiga umid bildirdi.
Jiddadagi muzokaralarda Xitoy ham qatnashmoqda — bu yerga Xitoy hukumatining Yevrosiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey tashrif buyurgan.
«Bizda kelishmovchiliklar ko‘p va biz ko‘p masalalarda turlicha pozitsiyalardamiz, ammo muhimi bizda umumiy tamoyillar bo‘lishi», — degan Li Xuey muzokaralar oldidan. Kopenhagendagi uchrashuvda XXR vakillari ishtirok etmagandi.
Avvalroq Amerikaning WSJ nashri g‘arblik diplomatlarga asoslangan holda sammit o‘tkaziladigan joy sifatida Saudiya Arabistoni tanlanishidan maqsad g‘arb mamlakatlari bu orqali sammitda Xitoy vakillari ham ishtirok etishiga umid qilayotgani bilan bog‘liqligini yozgandi.


















