Shanba kuniga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigi hududida portlash ro‘y bergani ehtimoli haqida xabarlar kela boshladi. Xususan, bir qancha telegram-kanallar Qrimning Leninskiy rayonidagi Yakovenkovo aholi yashash manzili atrofida (ko‘prikdan janubda) portlash ro‘y bergani haqida xabar qilishdi.

Shuningdek, ko‘prikdagi chiroqlar o‘chirilgani va harakat to‘xtatilgan. Bu ma’lumotni anneksiya qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov o‘z telegram-kanalida tasdiqladi. Shu bilan birga, u «baland ovozlar»ning Qrim ko‘prigiga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. Zaporijjya oblastining okkupatsiya ostidagi qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyat rasmiysi Vladimir Rogov ham portlash ko‘prikda emas, uning atrofida bo‘lganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay z-blogerlar ukrainlar dron Kerch bo‘g‘ozidagi rossiyaliklar tankeriga kelib urilganini yoza boshladi.

«Voyenkor» Yuriy Kotenok o‘z telegram-kanalida Rossiyaning «Sig» tankeri Kerch bo‘g‘ozidan 30 dengiz mili masofada ukrainlarning dengiz droni zarbasiga uchraganini yozgan. Kotenokning tasdiqlashicha, kema suv yuzasida qolgan, ekipaj a’zolari omon qolgan, faqat dvigatel bo‘lmasini suv bosgan.

Shunday ma’lumot «Rybar» telegram-kanali (1,1 mln obunachiga ega bo‘lgan eng mashhur kanallardan) tomonidan ham e’lon qilingan.

Shundan keyin Rossiyaning TASS davlat agentligi qutqaruvchilar guruhi Novorossiyskdan Kerch bo‘g‘ozi tomon harakatlanganini xabar qildi. Shu bilan birga, agentlik «qator telegram-kanallar»ga asoslanib, nomini keltirmagan holda «tankerga dron hujumi» haqida xabar berdi.

Bir necha soat o‘tib TASS «Kerch bo‘g‘ozida Ukraina tomoni hujumi oqibatida shikastlangan tanker» haqida yozdi – ammo hech qanday manbaga havola keltirmagan holda. Agentlik tanker nomini ham yodga olmagan.

Agentlik xabarida tanker oldiga ikkita shatakchi kema yo‘llangani, kemaning mashina bo‘lmasi shikastlangani, 11 kishidan iborat ekipaj xavfsizlikda ekani va hech kim jabrlanmagani qo‘shimcha qilingan.

Agentlikning shaxsi sir tutilgan suhbatdoshi tanker «bo‘g‘oz hududida, faqat uning janubida hujumga uchragani»ni aytgan.