Kompaniyalar Osiyodagi fabrikalarda yoshi o‘tib qolgan ishchilarni qayta o‘qitishga majbur bo‘lmoqda. Foto: aubersa.com

Korxonalariga yangi xodimlarni jalb qilish uchun kompaniyalar Google va Apple’dagi singari sharoitlar hozirlashga, maoshlarni oshirishga yoki yoshi katta ishchilarni qayta o‘qitishga majbur bo‘lishmoqda, deb yozadi Wall Street Journal nashri. Bularning barchasi Osiyodagi arzon tovarlar ishlab chiqarish davri tarixga muhrlanishiga zamin yaratmoqda.

Muammo nimada?

Osiyo qit’asi o‘nlab yillar davomida jahondagi eng yirik «zavod sexi» sanalgan, bu yerda ishlab chiqarilgan arzon mahsulotlar butun dunyo bo‘ylab savdoga chiqarilgan. Endi esa Osiyo davlatlarida o‘z ishlab chiqarishiga ega bo‘lgan global korporatsiyalar tashvishga tushib qolishgan: osiyolik yoshlar fabrikalarda ishlashni istashmayapti. Yosh avlodni jalb qilish uchun kompaniyalar ko‘proq harakat qilishga majbur bo‘lishmoqda.

Viyetnamning Ho Shi Min shahridagi fabrikalardan biri. Foto: WSJ

Instagram, TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning tarbiyasini olgan osiyolik yosh mutaxassislar bir tomondan, fabrikalardagi og‘ir ish o‘rniga yengilroq mehnat bilan shug‘ullanishni istashmoqda. Ikkinchi tomondan, Osiyodagi demografik jarayonlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda: yosh oilalar farzand ko‘rishga shoshilmayapti, ota-onalari singari katta oila barpo etmoqchi emas, shu sababli yaqinlarini boqish uchun ularga katta maosh ham kerak emas. Ular barqaror maosh ketidan quvmasdan, ishini ham osongina o‘zgartira olishadi, erkin ish grafigi istashadi va fabrikalardagi qat’iy kun tartibini yoqtirishmaydi. Tobora rivojlanib borayotgan xizmat ko‘rsatish sohasi ularga o‘zlari istayotgan imkoniyatni taqdim etmoqda.

Xitoydagi Hasbro fabrikasida ish o‘rnida uxlayotgan ishchilar. Foto: CNBC

Natijada, masalan, Xitoyda paradoksal vaziyat kuzatilmoqda: fabrikalarda ishchi kuchi yetishmayapti, biroq shahar yoshlari o‘rtasida ishsizlik iyun oyida 21 foizni tashkil etgan.