Andijonlik pedagoglar yangi o‘quv yilini bino qurish bilan boshlashmoqda. 2 barobar qo‘shimcha yuklama bilan ishlayotgan 54-maktabda o‘qituvchilarga bitta ham xona ajratilmagan, xodimlar darsga sinfxonalarda tayyorlanishga majbur. Muammoni hal qilishga bevosita mas’ul hokimiyat esa “qo‘lini cho‘ntagiga tiqib olgan”.
Andijon viloyati Asaka tumanidagi 54-sonli umumta’lim maktabi o‘tgan asrning 70 yillarida qurilgan. Maktab 210 bolaga mo‘ljallangan, ammo hozirda unda 2 smenada 420 bola tahsil oladi.
Bitta 2 qavatli binoga ega ta’lim maskanida jami 10 ta xona bor. Maktabda 18 ta sinf mavjud. Shu sababli xonalarning 9 tasi dars mashg‘ulotlari uchun ajratilgan. Hozirda ta’lim muassasasida 30 nafar pedagog xodim ishlaydi.
“Qo‘shimcha binoga ehtiyojimiz bor. Bu borada tuman hokimligi hamda MMTBga murojaat qilingan. 2017-2018-2019 yillarda maktab direktorimiz almashgan. Boshqa direktor bilan ham murojaat qilganmiz. Yangi direktorimiz 2020 yildan faoliyatini boshlagan bo‘lsa, u bilan ham bir necha marotaba so‘rov jo‘natganmiz.
Lekin muammomiz dasturga, qandaydir ro‘yxatlarga tushmay qoldi. Eski, kichikroq bo‘lgan o‘qituvchilar xonasi yonidan o‘tgan suv quvurlari teshilib, yiqilish holatida bo‘lgani uchun buzdik. O‘zimiz qo‘limiz bilan quramiz degan maqsadda qurilishni boshlagan edik. Hozirda ishlarimiz hashar yo‘li bilan davom etyapti. Hamma o‘qituvchilar o‘zaro kelishib, bir-birimiz bilan hamjihatlikda quryapmiz”, – deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Abdulboqiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, aslida muassasa texnik jihatdan 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa ham mas’ullarning hujjatlarida bu raqam 240 nafar deb yuritiladi.
“Nima sababdan hujjatlarda 240 o‘rinli deb berilishini bilmayman. Muammo yuzasidan xat bilan murojaat qilganimizda qurilish bo‘limidan kelganlarning hujjatlarida 240 o‘rinli deb yozilganini ko‘rganmiz. Agar 240 o‘rinli bo‘lgan taqdirda ham 480 nafar bola sig‘ishi kerak. Maktabning o‘zida 2 ta xona moslashtirilgan xolos.
Hozir o‘qituvchilar xonasini qurish uchun beton quyib, poydevor qilingan. Jami 30 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Shuning 10 nafari ham darsga kirib ketsa, qolgani shu qurayotgan joyimizda dars vaqtini kutib, qo‘shimcha ishlarini qilib o‘tirar edi”, – dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda vayronaga aylangan bu joydan birinchi bo‘lib omborxona sifatida foydalanilgan. Keyinroq o‘qituvchilar xonasi sifatida qayta ta’mirlangan. Ta’mir muddati o‘tib, sifati yomonlashgach bino avariya holatiga kelib qolgan. Shundan keyin murojaatlar kor qilmagach, o‘qituvchilarning o‘zi binoni hashar yo‘li bilan qurishga kirishishgan.
















