O‘zbekiston | 14:08 / 11.08.2023
11415
2 daqiqa o‘qiladi

Tuman hokimlari hududida inflatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishi belgilandi

Davlat rahbari bundan buyon tuman hokimlari hududida inflatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Buxoro shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini ta’minlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Yig‘ilishda takroriy ekinlar ekilishi holatiga to‘xtalib o‘tildi. Iyul oyida yillik inflatsiya darajasi 8,9 foizni, oziq-ovqat mahsulotlarida esa 10,7 foizni tashkil qildi. Bu borada kartoshka, piyoz, un va yog‘ mahsulotlari o‘tgan yilga nisbatan arzonlashgani muhim omil bo‘ldi.

Lekin, takroriy ekin ekish ishlari to‘g‘ri tashkil etilmagani bois ayrim hududlarda sabzi narxi 52 foizgacha oshgan; pomidor 2 barobar qimmatlagan; bodring narxi 1,7 barobargacha o‘sgan. Bundan tashqari, respublika bo‘yicha bor-yo‘g‘i 44 ming gektarga kartoshka takroriy ekin sifatida ekilgan.

Yig‘ilishda bundan buyon tuman hokimlari hududida inflatsiyani jilovlashga shaxsan javob berishi ta’kidlandi.

- Shu o‘rinda hokimlarni qat’iy ogohlantiraman. Narxlarni jilovlash tadbirkorlarga mahsulotini majburlab arzon narxlarda sottirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Bu ishlar faqat va faqat takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali ta’minlanishi shart, - dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid