O‘zbekiston | 07:30 / 12.08.2023
2749
2 daqiqa o‘qiladi

16 ta shaharda mustaqillikning 32 yilligiga bag‘ishlangan ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi

3 sentabr kuni mamlakatning 16 ta shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan «Yangi nafas» ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida mazkur tadbirga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda federatsiya mutasaddilari va tashkiliy qo‘mita a’zolari OAV xodimlariga bo‘lajak musobaqa haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Mazkur ommaviy yugurish musobaqasi Toshkent, Nurafshon, Guliston, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Termiz, Qarshi, G‘uzor, Xiva va Nukus shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Poytaxtda ishtirokchilar 3 va 10 km masofalarga yugursa, qolgan hududlarda faqat 3 km masofadagi bahslar tashkil qilinadi. An’anaga muvofiq, bu galgi tadbir ham «Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!» shiori ostida o‘tkaziladi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu yilgi bahslarga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi qo‘shni mamlakatlardan ham sportchilar taklif etilgan. Ma’lum qilinishicha, poytaxtda 5500, qolgan har bir shaharda kamida 2000 nafar ishtirokchi bo‘lajak poygada qatnashishi kutilmoqda.

Toshkent shahrida o‘tkaziladigan poygalarda ishtirok etishni istagan ko‘ngillilar Iticket.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. 3 km masofadagi poygada - 9, 10 kmga kechadigan bellashuvlarda esa 14 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatnasha oladi. Poygalar 3 sentabr kuni soat 06:30 da 16 shaharda start oladi.

Mavzuga oid

E`lonlar