Avvalo, kitobxonga Remarkni bu roman bilan boshlamaslikni tavsiya qilaman. Men uni yozuvchining boshqa romanlari darajasida baland baholay olmadim. Xulosalarimni o‘rtoqlashaman.

Syujyet. Mashhur avtopoygachi Klerfe sil kasaliga chalingan sherigi Xolmanning holidan xabar olish uchun tog‘dagi sanatoriyga boradi. Klerfe u yerda xuddi shu kasallikka uchragan Lilian ismli yosh qiz bilan tanishadi.

Uning yashashga juda oz vaqti qolgan. Sanatoriydagi zerikarli hayot sog‘ligini tiklashga yordam bermaydi. Lilian hayotni ko‘rish va yashab qolishga vaqt topish uchun Klerfe yordamida bu joydan Parijga qochib ketadi.

Ikkala qahramon ham bugunni, hozirni yashashga harakat qiladilar. Negaki Lilianning kasali har daqiqada unga o‘lim soyasini solishi, Klerfe uchun ham istalgan poyga oxirgisi bo‘lishi mumkin. Ularda o‘zaro hamdardlik hissi paydo bo‘ladi.

Parijga borib, Lilian istaganday hashamatli turmush tarzida yashay boshlaydilar. Biroz o‘tib Klerfe unga butunlay boshqacha qaraydi, chunki endi u Lilianni sevib qolgan va har qanday holatda ham uni saqlab qolishga harakat qilar edi. Lilian esa har kuni faqat yashashga, hayotdan ko‘proq narsani olishga intiladi, lekin hech narsaga bog‘lana olmaydi, o‘zi yoqtiradigan narsalari ham juda kam. Klerfe turmush qurishni taklif qilganda, qiz uni ham tark etishga qaror qiladi.

Oxiri esa kutilmagan. Bu jihatdan asar kitobxonni mutolaadan keyin ham ko‘p mulohazalarga chorlaydi.

Mohiyat. Remarkning kitoblarida qandaydir tozalovchi bor. Ularning barchasi hayotga muhabbat haqida.

“Qarzga olingan umr” sog‘lom va tuzalmas kasal insonlarning hayotga turlicha munosabati haqida hikoya qiladi. Inson umrini sarflashi uchun nimalar arzirli ekanini aytadi. Asar iqtiboslari bilan ham mashhur. Ayniqsa, dialoglar juda ta’sirchan, qisqa va qat’iy. Mana shu jihatlar kitobxonni ularni iqtibos sifatida saqlab qo‘yishga undaydi. Romanda yengilroq obrazning o‘zini topa olmaysiz. Barcha qahramonlarning hayot haqida o‘z haqiqati bor va bu dialoglarda yaqqol ko‘rinadi.

Kitobni yopganda nimalarni his qilasiz? Biz yashayotgan hayot uni dunyoning barcha ranglari bilan to‘ldiradigan uchrashuvlar va ayriliqlar bilan ajoyib. Biz mo‘jizalarga eng oxirgi lahzaga qadar ishonamiz...

O‘lim odamning unga bo‘lgan munosabatiga bo‘ysunmaydi, u unga tayyorgarlik ko‘rayotganlarga ham, uni kutmaganlarga ham keladi. Bu jihatdan o‘lim va ishq teng.

O‘z hayotingiz, yaqinlaringizning hayoti va sog‘ligini qadrlashni boshlaysiz. Bizni o‘rab turgan muammolarning juda kichkinaligini tushunasiz. Yashashdan maqsadingiz haqidagi o‘ylar g‘alayoniga tushasiz. Bizga bu hayot nega berilgan? Atrofimizdagi har bir lahzani yashashimiz, qadrlashimiz, sevishimiz kerak, ularda mavjud bo‘lish…