Toshkentdagi ko‘p qavatli uylardagi bir-biridan farqli, rang-barang mozaikalarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ular allaqachon Toshkentning tashrif qog‘oziga aylangan – turistlar uchun ular qiziqarli san’at asarlaridir. Mozaikalar 1966 yildagi dahshatli zilziladan keyin vujudga kelgan – sobiq SCSR davlatlari bu san’at namunalarini birgalikda yaratgan. Kun.uz poytaxt mozaikalarining tarixi, arxitektorlar nega uylarni mozaikalar bilan bezatgani, ular qanday ma’no anglatishi haqida video tayyorladi.

Mozaikalar – sobiq ittifoq davlatlarining birgalikda yaratgan san’at asari

Toshkent mozaikalari – biz ularning oldidan boshimizni ham ko‘tarmay o‘tib ketamiz. Lekin O‘zbekistonga kelgan turistlar uchun poytaxt mozaikalari shu qadar o‘ziga xoski, bunday arxitektura namunalarini boshqa shaharlarda uchratish qiyin deyishadi. Ular mozaikalar bilan bezalgan uylar yonida albatta rasmga tushib ketadi.

Mirzo Ulug‘bek tumani, Elbek ko‘chasidagi mozaika. Foto: Kun.uz

Arxitektura fanlari nomzodi, professor Abdumannop Ziyoyevning aytishicha, o‘zbekistonliklar mozaikalarga e’tiborli bo‘lmasa-da, chet elliklar ularni juda ahamiyatli, boshqa joylarda uchratish qiyin bo‘lgan bebaho arxitektura namunasi deb biladi. “Bizda O‘rta Osiyoda sirli bezak bilan binolarni yasatish an’anasi bor. Chet elliklar devorlarni ham shunday bezatganingiz yaxshi bo‘lgan, ularda o‘ziga xoslik bor deyishadi” , — deydi professor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Toshkentdagi 150ta binoning fasad qismida tarixiy-badiiy ahamiyatga ega mozaikalar bor. Xo‘sh, butun shaharning qiyofasiga ko‘rk bo‘lib turgan mozaikalar qanday paydo bo‘lgan?

Aslida, ular seysmik modernizm namunalari bo‘lib, Toshkent zilzilasidan keyin vujudga kelgan, Mozaikalar arxitektorlarning ajoyib topilmasi bo‘lib qolmay, ular sobiq SSSR davlatlarining birgalikda yaratgan san’at asari hamdir.

1966 yilda Toshkentda sodir bo‘lgan dahshatli zilzila tufayli 300 mingdan ziyod aholi boshpanasiz qoladi, 2236ta ma’muriy bino, 700ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari va mingga yaqin boshqa binolar zarar ko‘radi. Talafotdan keyin Toshkentni qayta barpo etish va juda ko‘p aholi turar joylarini qurish kerak edi.