Illinoys gubernatori Jyey Robert Pritsker voyaga yetmaganlarning daromadlarini himoya qiluvchi qonunni imzoladi, bu AQShda birinchi shunday hujjat hisoblanadi, deb xabar berdi Business Insider.
2024 yil 1 iyuldan kuchga kiradigan yangi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan inflyuyenserlar yoki ota-onasi fotosuratlari va videolarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan voyaga yetmaganlar kontentni joylashtirishdan tushgan daromad foizini olishi kerak. Mablag‘ miqdori ular postlarda qanchalik tez-tez paydo bo‘lishiga qarab belgilanadi.
Bu pul bola 18 yoshga to‘lgunga qadar ishonchli hisobraqamga o‘tkaziladi. Daromadning bir qismi ularga o‘tkazmagan taqdirda, inflyuyenser bolalar sudga murojaat qilishi mumkin.
Associated Press xabariga ko‘ra, qonun ustida ish 15 yoshli Shreya Nallamotuning murojaatidan so‘ng boshlangan, u shtatdan senator hisoblanuvchi Devid Kelerdan «kidflyuyenserlar»ni ekspluatatsiyadan himoya qilishni va ularga kontentidan daromad olish imkonini berishni so‘ragan.
Illinoys qonuni har bir ko‘rish uchun kamida 10 sent oladigan kontentga nisbatan qo‘llanadi. Shu bilan birga, bolalar 30 kun ichida e’lon qilingan fotosuratlar va videolarning kamida 30 foizida paydo bo‘lishi kerak.
Shunga o‘xshash qonun loyihasi hozirda Vashington shtatida ko‘rib chiqilmoqda, biroq u yerda fevral oyidan beri hujjat bo‘yicha hech qanday o‘zgarish kuzatilmayapti.

















