Neymar ham Saudiya klubiga o‘tmoqda

Bugungi kunda transferlar dayjestini Saudiya Arabistoni ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu safar esa Yaqin Sharq bilan bog‘liq bir necha yangiliklar bor. Xususan, Neymarning «Al-Hilol»ga transferi masalasi hal bo‘ldi. Fabritsio Romano mashhur iborasi orqali tasdiqladi — here we go!

Neymar shanba kuni «PSJ»ning «Loryan»ga qarshi uchrashuvi qaydnomasiga ham kiritilmagandi.

Yakshanba kuni RMC Sport nashri «PSJ» saudiyaliklarning 31 yoshli braziliyalik transferi bo‘yicha taklifini qabul qilganini xabar qildi. Unda gap 90 million yevro haqida borayotgani, bonuslar hisobiga bu summa 120 million yevroga yetishi mumkinligi aytilgandi. Romano esa parijliklarga transfer uchun 100 million yevro to‘lanishini bildirdi.

L’Équipe xabariga ko‘ra, futbolchi va «Al-Hilol» rahbariyati ikki yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, Neymar yangi klubida ikki mavsum uchun 160 million yevro ishlab oladi.

Neymar o‘tgan mavsum Fransiya chempionatida 20 o‘yinda 13 ta gol urgan va 11 ta assist muallifi bo‘lgan. U Parij klubiga 2017 yil rekord darajadagi 222 mln yevro evaziga «Barselona»dan kelib qo‘shilgandi.

Futbolchi bugunning o‘zida yangi jamoasi uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. 

Avvalroq Neymar «Barselona»ga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi, ammo kataloniyaliklar klubi hozirgi holatida bunday transfer amalga oshira olmasdi.

Mbappe «PSJ»ning asosiy tarkibiga qaytdi, u bilan shartnoma uzaytiriladi

Yozgi transferlar oynasining asosiy dostoni Kilian Mbappe atrofida kechmoqda. Uch hafta oldin «PSJ» yulduzli futbolchisini tarkibdan chetlatgandi, endi esa, Fransiya chempionati 1-turida «Loryan»ga qarshi golsiz durangdan keyin forvardni tarkibga qaytarishdi.

The Athletic xabariga ko‘ra, parijliklar klubi Mbappe bilan shartnomani uzaytirishga umid qilmoqda, L’Équipe ma’lumotiga ko‘ra, futbolchi tekinga ketmaslikka va’da bergan.

Klub futbolchi bilan «samarali va ijobiy ruhdagi muzokaralar» bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

Jurnalist Abdel Bulmaning xabariga ko‘ra, Mbappe endi «PSJ» bilan shartnomani 2025 yil yoziga qadar uzaytirishga rozi. Futbolchining buning uchun keyingi yil yozida «Real»ga transferi kafolatlanishini talab qilmoqda.