Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlis davomida deputatlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosarini saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi birinchi qismining 16-bandi hamda «Oliy majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga asosan Bekzod Narimonovni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari lavozimiga saylash tavsiya etildi.

Majlisda deputatlar muhokamalardan so‘ng B.Narimonov nomzodini Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari lavozimiga sayladi va mazkur qaror Oliy Majlisining Senatiga yuborildi.

Ma’lumot uchun, Bekzod Narimonov Toshkent davlat yuridik universitetining Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori hisoblanadi.