O‘zbekiston | 07:32 / 16.08.2023
7230
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlashdagi xatolar uchun xususiy kamera egalari o‘z huquqidan mahrum qilinadi

Dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha “Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuborilgan ma’lumotlardagi xatoliklarning umumiy soni besh va undan ortiq foizni tashkil etgan taqdirda tadbirkorlik sub’yektining obektga nisbatan bo‘lgan mulk huquqi sud orqali bekor qilinadi.

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 21 apreldagi 232-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 21 apreldagi 232-son qaroriga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. 

Jumladan, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish va ishga tushirish muddati 60 kundan 180 kunga uzaytiriladi.

Dasturiy-texnik vositalar “Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilingandan so‘ng ularni o‘n kun davomida sinov tariqasida ishlatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 

Yo‘l harakati qoidabuzarliklaridan undirilgan jarima summasi taqsimlanishida tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan imtiyozli davr 1 yildan 2 yilga uzaytiriladi.

Tadbirkorlik auksion savdosida g‘olib bo‘lganligi to‘g‘risidagi bildirishnomani olgan kundan boshlab 90 kun ichida obektda dasturiy-texnik vositalarni o‘rnatish bilan bog‘liq biror-bir harakat (qurilish-montaj ishlari)ni amalga oshirmasa, kelishuv sud orqali bekor qilinadi.

Dasturiy-texnik vositalar orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha “Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuborilgan ma’lumotlardagi xatoliklarning umumiy soni besh va undan ortiq foizni tashkil etgan taqdirda ham tadbirkorlik sub’yektining obektga nisbatan bo‘lgan mulk huquqi sud orqali bekor qilinadi.

Mavzuga oid