Jahon | 08:00 / 17.08.2023
6292
4 daqiqa o‘qiladi

NATO rasmiysi Ukraina hududiy yon berishi kerakligi haqidagi gapini xato deb atadi

Yyens Stoltenbergning shtabi rahbari ukrainaliklar Rossiya bilan qanday muzokaralarga tayyor ekanini o‘zi hal qilishi kerakligini ta’kidladi. Uning oldingi bayonoti Kiyev tomonidan keskin tanqid qilindi. 

Stian Yyenssen / Foto: NATO

NATO bosh kotibi shtabi rahbari Stian Yyenssen urush tugaganidan keyin Ukraina hududiy yon berishi mumkinligi haqidagi so‘zlari xato ekanini tan oldi. «Mening bu boradagi bayonotim Ukraina kelajagi uchun ehtimoliy ssenariylar haqidagi kengroq muhokamaning bir qismi edi va men bunday demasligim kerak edi. Bu xato bo‘ldi», dedi u chorshanba, 16 avgust kuni Norvegiyadagi Verdens Gang (VG) nashriga.

Ukrainaliklarning o‘zi Rossiya bilan muzokaralar olib borish uchun qanday shartlar va nima bo‘yicha kelishib olishga tayyor bo‘lishini hal qilishi kerak, deya ta’kidladi Yyenssen. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy harakatlaridan o‘zini himoya qilayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash nihoyatda muhim. Bundan tashqari, Kiyev kelajakda xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak, dedi NATO rasmiysi. 

Stoltenberg idorasi rahbarining mojaroli bayonoti 

Bir kun avval Stian Yyenssen Ukraina «hududining bir qismini Rossiyaga berish evaziga» NATOga a’zo bo‘lishi va bu urushni tugatish yechimining bir qismiga aylanishi mumkinligini tan olgandi. «Menimcha, yechim Ukraina hududidan voz kechishi va buning evaziga NATOga a’zo bo‘lishiga aloqadordir», dedi u Norvegiyaning Arendal shahrida bo‘lib o‘tgan debatlar chog‘ida. Shu bilan birga, u NATO rahbari Yyens Stoltenbergning avvalroq aytgan so‘zlarini takrorladi: «Ukraina qachon va qanday sharoitda muzokara olib borishni o‘zi hal qilishi kerak». 

Nashr jurnalistining: «NATO Ukraina Rossiya bilan tinchlikka erishish va kelajakda alyansga a’zo bo‘lish uchun hududni berishi kerak, deb hisoblaydimi?» degan savoliga Yyenssen urushdan keyingi ehtimoliy maqom bo‘yicha muhokamalar davom etayotganini va boshqa davlatlar ham hududlarni Rossiyaga berish haqidagi masalani ko‘tarayotganini aytdi. «Men shunday bo‘lishi kerak demayapman. Lekin bu ehtimoliy yechim bo‘lishi mumkin», deb tushuntirdi u. 

Ukraina prezidenti devoni va TIV buni tanqid ostiga oldi

NATO rasmiysining so‘zlari Kiyevda keskin tanqid qilindi. «Dunyo tartibini saqlab qolish va «yomon tinchlik» o‘rnatishga urinishlar, tan olaylik, raqib tomon g‘alabasi tinchlik keltirmaydi, balki sharmandalik va urush olib keladi. Bu yangi «Yevropa bo‘linishi»ning har qanday formatiga, shu jumladan, NATO bo‘yicha holatga ham tegishli», deb yozdi Podolyak 15 avgust, seshanba kuni X mikrobloglar servisidagi (sobiq Twitter) sahifasida.  

O‘z navbatida, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Oleg Nikolenko Ukraina hududlarining bir qismidan voz kechish evaziga NATOga qo‘shilish haqidagi munozaralarni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat» deb atadi. «Ukraina hududlarining bir qismidan voz kechish evaziga NATOga qo‘shilish haqidagi gaplarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. NATO rasmiylarining hududlardan voz kechish bo‘yicha bergan bayonotlari Rossiya foydasiga o‘ynaydi. Ukrainaning g‘alabasini tezlashtirish va NATOga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘llarini muhokama qilish esa yevroatlantika xavfsizligi manfaatlariga mos keladi», - deb yozgan u Facebook’da. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid