O‘zbekiston | 07:43 / 18.08.2023
7057
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq tekshiruvlari to‘g‘risidagi nizomga yangi normalar kiritildi

2022 yilning noyabr oyida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. 14.08.2023 yildagi 382-son hukumat qarori normativ-huquqiy hujjatlarni farmondagi yangiliklar bilan muvofiqlashtirdi.

Endi tadbirkorlar uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirgan soddalashtirilgan tartib  tegishli qarorlarda ham aks ettirildi:

O‘zbekistonda chakana savdo qoidalarining 119-bandidan yangi import avtomobillarning faqat yuridik shaxslar - ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishiga yo‘l qo‘ygan norma chiqarib tashlandi. Endi mazkur faoliyat turi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’yektlari soni oshadi;

01.11.2004 yildagi 511-son hukumat qarori 3-bandidan elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgan hajmlardan ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni taqiqlovchi norma chiqarib tashlandi;

tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomning davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar keltirib o‘tilgan 40-bandidan “ustav fondining miqdori kamaytirilganda korxona kreditorlari belgilangan tartibda xabardor qilinmaganligi” asosi chiqarib tashlandi. 1 yanvardan boshlab prezident farmoni bilan ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va OAVda bu haqda e’lon berish talabi bekor qilindi.

Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom to‘rtta yangi band bilan to‘ldirildi: 121-1, 121-2, 241-1 va 241-2. Ularda 2023 yil 1 martdan boshlab kuchga kirgan norma yozilgan. Tadbirkorlik sub’yekti  soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan shikoyat qilish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga murojaat qilishi mumkin (yuqori turuvchi soliq organini chetlab o‘tgan holda).

Mavzuga oid