Jahon | 09:26 / 18.08.2023
11681
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Rossiyani Qora dengizda vaziyatni keskinlashtirmaslik haqida ogohlantirdi

Turkiya hukumati Rossiya tomonini Qora dengizda keskinlikning kuchayishiga olib keladigan hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirdi.

Foto: TRT

Turkiya hukumati Rossiya tomonini 13 avgust kuni «Shukru Okan» yuk kemasining Qora dengiz floti kemasi tomonidan majburiy to‘xtatilishi kabi hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi haqida ogohlantirdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’muriyatining Kommunikatsiyalar bo‘yicha boshqarmasi qoshidagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi tomonidan e’lon qilingan bayonotda, Rossiya tomoni voqea munosabati bilan «Qora dengizda keskinlikning kuchayishiga olib keladigan bunday urinishlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgani» aytiladi.

Shu bilan birga, Markaz yuk kemasi bilan bog‘liq hodisa «Turkiyaning ichki suvlarida emas, xalqaro suvlarda» sodir bo‘lganini va kema turk kompaniyasiga tegishli bo‘lsa-da, Palau bayrog‘i ostida bo‘lganini ta’kidladi. «Shukru Okan kemasining egasi turk bo‘lsa ham, u Turkiya bayrog‘i ostida suzmagan. Xalqaro huquqqa ko‘ra, kemaning nomi yoki egasining shaxsi emas, qaysi davlat bayrog‘i ostida suzayotgani muhim», - deyiladi X (sobiq Twitter) mikrobloglar servisidagi xabarda.

Rossiya kemasi Qora dengizda yuk kemasini o‘t ochish bilan to‘xtatdi 

Rossiya Mudofaa vazirligi 13 avgust kuni ertalab soat 6:40 da Qora dengiz flotining «Vasiliy Bykov» patrul kemasi Qora dengizda «Shukru Okan» (Rossiya rasmiylari uni «Sukra Okan» deb ataydi) yuk kemasini aniqlagani haqida xabar berdi. U Palau bayrog‘i ostida bo‘lgan hamda Odessa viloyatidagi Izmail portiga ketayotgandi. Kemani tekshirish uchun to‘xtashga majbur qilgan rus kemasi yuk tashuvchi yo‘nalishida ogohlantiruvchi o‘t ochgan, shundan so‘ng unga Ka-29 vertolyotidan desant tushgan. Tekshiruvdan so‘ng, Rossiya tomonining ma’lum qilishicha, «Shukru Okan» Izmail portiga harakatlanishda davom etgan. 

Rossiya harbiy idorasi, shuningdek, kema tekshiruvi aks etgan videoni ham e’lon qildi. «Videoda to‘xtash haqidagi talabga rioya qilmagan «Sukra Okan» yuk kemasi yonidan Ka-29 vertolyotining uchib o‘tishi, bir guruh rossiyalik harbiy xizmatchilarning kemaga tushishi, hujjatlarni tekshirish tadbirlari aks etgan», — deyiladi e’lon qilingan kadrlarga izohda. Idora tekshiruv «professional va xalqaro hujjatlar talablariga muvofiq» o‘tkazilganini va tekshiruv guruhining ishi yakunlangach, tekshiruv dalolatnomasi tuzilganini bildirdi. 

Kiyev: Rossiya xalqaro dengiz huquqi normalarini buzdi 

Ukraina hukumati Rossiyani Qora dengizdagi «qaroqchilik akti»da aybladi. Rossiya tomonidan kemaning «maqsadli o‘qqa tutilishi va majburiy tekshiruvi xalqaro dengiz huquqining mutlaq buzilishi, qaroqchilik akti va boshqa davlatlar suvlarida uchinchi davlatning fuqarolik kemalariga qarshi jinoyatdir», dedi Ukraina prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak voqeadan ko‘p o‘tmay. Voqea «aniq huquqiy belgilanishi, barcha ishtirokchilar shaxsi aniqlanishi va jinoyat sodir etilgani fakti xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi lozim», dedi u. Ukraina kerakli xulosalarni chiqaradi va eng yaxshi javobni tanlaydi, deya qo‘shimcha qildi Podolyak. 

Mavzuga oid