«Oxirgi so‘rovlarga ko‘ra biz 40, 50 va hatto 60 foiz oldinda boryapmiz. Kimdir bunaqasini kutganmidi? Biz esa uddaladik. Bu rekord. Nyu-Hempshir, Janubiy Karolina, Ayovada biz kuchlimiz. Ammo Bayden ham ko‘p shtatlarda oldinda bormoqda.
Balki partiya uchun birlashish va qolganlar poygani tark etish vaqti kelgandir? Biz birlashamiz, bor kuchimizni ishga solib Baydenni demokratlari bilan birga mag‘lub etamiz. Buni qilish oson kechadi, chunki davlatimiz hech qachon hozirgidek yomon holatda bo‘lmagan», dedi Tramp o‘z chiqishida.
Avvalroq sobiq prezident kelasi saylovlarda g‘olib bo‘lish imkoniyatini 100 foiz deb baholagandi. Shuningdek, u Oq uy rahbarligiga qaytsa, Ukrainadagi urushni bir kunda tugatishini iddao qilgan.
Hozirda Donald Trampga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan. AQSh 45-prezidenti saylov natijalarini o‘zgartirishga urinish, hujjatlarni soxtalashtirish va maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlashda ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida respublikachilar safidan Trampdan tashqari Florida gubernatori Ron Desantis, sobiq vitse-prezident Mayk Pens va senator Tim Skott o‘z nomzodini ilgari surmoqchi.











