Diana Panchenko uzoq vaqt Putinning Ukrainadagi odami Viktor Medvedchukka tegishli telekanallarda ishlagan va butun faoliyati davomida asosan Rossiya targ‘iboti bilan shug‘ullangan. Ukraina xavfsizlik xizmati Panchenkoni bu intervyusi orqali Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasini oqlab chiqishda aybladi. Quyida Lukashenkoning suhbatdagi ba’zi iqtiboslar keltiriladi.

Rossiya Ukrainaga Belarus orqali bostirib kirganini tan oldi

Ha, ba’zi qismlar Ukraina chegarasini Belarus orqali bosib o‘tishdi. Yaqinda bu savolga javob berar ekanman, shunday degandim: nega Rossiya Ukraina va Belarus chegarasini Chernobil rayoni orqali bosib o‘tganini Zelenskiydan so‘rang.

Bizni urush boshlanishiga aloqadorlikda ayblashdi. Yo‘q, urush boshlanib bo‘lgandi. Ammo uni ukrainaliklar Belarusga qarshi boshlashgandi. Avvalo, iqtisodiy urush orqali. Nega Putin Kiyev orqali qo‘shinlarni Uzoq Sharqqa olib ketganini ham Zelenskiydan so‘rang, u tezroq javob beradi. Agar meni Putin Kiyev orqali Vladivostokka borishida ayblasangiz, buni Putindan so‘rashingiz mumkin.

Putin bosqinga qaror qilganini qachon bilgandi?

Siz uning televizor orqali murojaatini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, men ham ko‘rdim. U bilan harbiy harakatlar, urush boshlanishi haqida umuman gaplashmaganman. Rossiya Ukrainada nimadir qilishi haqida hech qachon gaplashmaganimizga qasam ichishim ham mumkin.

Faqat hammasi boshlanishidan bir necha kun avval uning shahar tashqarisidagi qarorgohida ko‘rishib, voqealar rivoji haqida gaplashganmiz. Bu haqda birinchi marta gapiryapman. U «Sasha, bilasanmi, mana shunaqa vaziyat, Xudo ko‘rsatmasin nimadir bo‘lsa, unutma, biz ittifoqchilarmiz», dedi. Men hayron qoldim-da, ittifoqchilik haqida kelishuvlarimizni hamma bilishini aytdim. Shunda Putin «Nimadir bo‘lsa, yonimda tur, iltimos», dedi. «Nima bo‘ladi?» deb so‘radim. U esa «Hamma narsa bo‘lishi mumkin», dedi.

Maxsus amaliyot boshlangach, Belarus bunga aralashmasligini aytdim. Lekin biz Rossiyaga orqadan zarba bermasligimiz aniq va bu Putinning iltimosi bilan bog‘liq edi. U katta ehtimol bilan G‘arb orqadan zarba berishidan hayiqqan.

Kiyev uch kunda qulashini aytgani haqida

Bu obrazli qilib aytilgan gap, Rossiya Kiyevni qisqa vaqtda oladi degan ma’noda aytgandim. Bilasizmi, Kiyev atrofidagi Gostomelda bir-ikki oy davomida Rossiya harbiylari turgandi. Bu haqda Putin bilan gaplashganmiz ham. Men urushni yakunlash uchun poytaxtni olish kerakligini aytdim. U esa buni qisqa vaqtda qila olishi, lekin oqibatda juda ko‘p odam halok bo‘lishi mumkinligini aytdi.