Jahon | 16:24 / 22.08.2023
10435
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil qurg‘oqchilik tufayli Qozog‘istonda bug‘doy hosili rejadagidan kam bo‘lishi aytildi

Qirg‘izistonda joylashgan Kirov suv omboridan Qozog‘istonga suv yetkazib berish to‘xtab qolgan. Oqibatda, Qozog‘istonda qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. 

Foto: primeminister.kz

Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov 22 avgust kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida 2023 yil yakuniga ko‘ra, mamlakatda bug‘doy hosili rejadagidan kam bo‘lishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunga qurg‘oqchilik sabab bo‘lgan.

Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri Yerbol Karashukeyev so‘zlariga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hududlarda favqulodda holatni e’lon qilish va fermerlarning xarajatlarini qoplash, subsidiyalar to‘lashni tezlashtirish va kreditlar muddatini uzaytirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Karashukeyevning aytishicha, ayni paytda don ekinlarining 45,1 foizi yaxshi holatda, 46 foizi qoniqarli va 7,5 foizi yomon ahvolda.

«Shu bilan birga, asosan Pavlodar viloyatida 181 ming gektar yoki don ekinlarining 1 foizdan kamrog‘i nobud bo‘ldi... Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasidan suv oqimi ozaygani sababli, qariyb 7,8 ming gektar maydon, jumladan, qand lavlagi kabi ijtimoiy ahamiyatga ega ekinning 1,2 ming gektariga zarar yetdi», dedi u.

Qirg‘iziston 10 iyuldan boshlab, Qozog‘iston bilan kelishilgan holda Talas daryosida joylashgan Kirov suv omboridan Qozog‘istonga suv berishni to‘xtatdi. Keyinchalik, Qozog‘iston suv ta’minotini oshirishni so‘radi. Biroq, Qirg‘iziston tomoni iste’mol ortishi bilan Qozog‘istonning 3,54 million kub metrlik ulushi 4 avgustga qadar tugashi haqida ogohlantirdi.

Keyinroq, Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Zulfiya Sulaymonova Qirg‘izistonning suv yetkazish imkoniyati yo‘qligini tasdiqladi. Uning aytishicha, Kirov suv omboridagi suv deyarli tugagan.

«Gap, suv to‘sib qo‘yilgani haqida ketmayapti, biz hamkorlar bilan birgalikda ishlayapmiz. Gap shundaki, suv yo‘q, jumladan ularda ham», dedi vazir.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid