Qoralovchi tomon ayblanuvchining harakatlarini ongli ravishda sadizm deb baholab, aynan shunday hukm so‘ragandi.

Letbi Angliya huquqi tarixida umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan to‘rtinchi ayolga aylandi.

Britaniya tizimida umrbod qamoq jazosining ikki turi mavjud.

Ulardan biriga ko‘ra (life sentence) mahkumni muddatidan oldin ozod etish huquqi bo‘ladi. Hukmni o‘qib eshittirish chog‘idayoq sudya mahkum apellyatsiya berish huquqiga ega bo‘lguniga qadar qancha vaqt qamoqda qolishi lozimligiga aniqlik kiritadi.

Ikkinchi jazo turi (life order) og‘irligi va ijtimoiy zarariga ko‘ra favqulodda jinoyat sodir etilgan taqdirda, asosan seriyali qotilliklar uchun qo‘llanadi. Bunda mahkum muddatidan oldin ozodlikka chiqish va afv etilish huquqiga ega bo‘lmaydi, bunga faqat istisno holatlar sabab bo‘lishi mumkin.

Letbining himoyachilari hukm e’lon qilinishidan oldin ham bu ishda qandaydir yengillashtiruvchi holatlarni izlash va hakamlar hay’atining marhamatidan umid qilish imkoni yo‘qligini aytishgandi.

Letbi hukm e’lon qilinish vaqtida sud zalida bo‘lishdan bosh tortdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak uning o‘z qurbonlarining oila a’zolari ko‘ziga qarashdan bosh tortganini sharmandali qo‘rqoqlik deb atadi. U hukumat qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritib, mahkumlar hukm vaqtida sud zalida bo‘lishini ta’minlashiga va’da bergan.

Shu bilan birga, sudya Jastis Goss mahkumga murojaatini u xuddi sud zalida bo‘lgandek o‘qib eshittirdi.

«Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar hayoti boshlangan zahoti to‘xtatildi, ularning yaqinlarining hayoti esa abadiy vayron bo‘ldi. Bunday qilmish sababi faqat sening o‘zingga ma’lum», - degan sudya Goss.

Sudya Lyusi Letbi D chaqaloqni o‘ldirishidagi surbetlikka alohida e’tibor qaratgan. Chaqaloq jon berayotganida hamshira uni saqlab qolishga harakat qilgan boshqa shifokorlar bilan birga reanimatsiya jarayonida faol ishtirok etgan.

Shuningdek, sudya barcha chaqaloqlarning o‘limi va salomatligiga jiddiy zarar yetkazish holatlari bo‘yicha batafsil to‘xtalib o‘tgan.

Hamshira Letbi qanday jinoyatlarda aybdor deb topilgan?