BBC rus xizmati ismini Yevgeniy Prigojin deb o‘zgartirgan va endi qamoqxonada turib eski ismini qaytarish uchun sudlashayotgan Ruslan Yunusov hayotini hikoya qiladi.
Komi sudi sobiq maxsus xizmat zobiti Yevgeniy Viktorovich Prigojinning Pechora shahar FHDYo bo‘limiga nisbatan o‘z nomini o‘zgartirish bo‘yicha kiritgan da’vo arizasini qanoatlantirmadi. Ochiqda yurganida uni Ruslan Yusupov deb chaqirishgan, lekin 2018 yilda ismini Yevgeniy Prigojin deb o‘zgartirib «Vagner» asoschisining adashiga aylangan. Ko‘p o‘tmay o‘g‘rilik uchun qamalgan.
Endi sobiq zobit o‘z ismini faqat qamoqxonadan chiqqach almashtira oladi. U avvalroq sudga «Rossiya o‘tkazayotgan maxsus harbiy amaliyot munosabati bilan» o‘ziga tayinlangan jazoni yengillatishni so‘rab murojaat qilib ham rad javobini olgandi.
Rossiya ichki ishlar vazirligidan nafaqaga chiqqan Yevgeniy Prigojin sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ sobiq xodimlari uchun ismini o‘zgartirish mumkinligidan foydalanib, Pechora shahar FHDYo bo‘limiga murojaat qilgan. Ammo bunday jarayonni amalga oshirish uchun arizachi FHDYoga borishi talab qilinadi. FHDYodagilar esa bu jarayon uchun qamoqxonaga borishga majbur emas. Qonunchilikka ko‘ra, ular qamoqxonaga faqat nikohni rasmiylashtirish uchun borishi kerak.
Shu sabab Komi sudi FHDYo bo‘limining rad javobini 2016 yildagi Rossiya Konstitutsion sudi qaroriga asosan qonuniy deb topgan. 2016 yilda ham mahbuslardan biri ismini o‘zgartirish uchun FHDYo bo‘limiga borishi majburiy emasligi bo‘yicha sudlashgan va o‘sha voqeadan keyin Konstitutsion sud bu boradagi jarayonni huquqiylashtirib qo‘ygandi.
2016 yildagi KS qarorida mahbuslar o‘z fuqarolik huquqlaridan boshqa fuqarolar bilan umumiy sharoitda obektiv tarzda foydalana olmasligi aytilgan. Bundan tashqari, fuqaroning ismini o‘zgartirish huquqi so‘zsiz amalga oshadigan narsa emas, unda ba’zi narsalarni aniqlashtirish kerak bo‘ladi. Masalan, ismini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan arizachi buni qaysi fuqarolik huquqlaridan foydalanish uchun qilmoqchi ekanini tushuntirib berishi lozim.
2018 yildan Yevgeniy Prigojin degan nom olgan Ruslan Yunusov Yaroslav oblastining Kotochijovka qishlog‘ida tug‘ilgan. SOBRda xizmat qilgach, Peterburg yaqinidagi Vsevolojska shahri jinoyat qidiruv bo‘limida faoliyatini boshlagan. 2016 yilda politsiyadan haydalib, xususiy korxonada qo‘riqchilik bilan shug‘ullangan. «Fontanka» nashriga ko‘ra, ikki yil o‘tib ismini Yevgeniy Prigojin deb o‘zgartirgan.
Sudda Yunusov-Prigojin ismi, familiyasi va otasining ismini faoliyati sabab o‘zgartirganini aytgan, lekin aynan qanday maqsadda bu ishni qilganini ochiqlamagan.

















