7 yil avvalgi natija takrorlandi
Klublar o‘rtasidagi Osiyoning eng nufuzli turniri yangi mavsumidan 4 jamoa – mamlakat chempioni «Paxtakor», O‘zbekiston kubogi sohibi «Nasaf», kumush medali sohibi «Navbahor» va 4-o‘rinni egallagan OKMK yurtimiz sharafini xalqaro maydonda himoya qiladi. Namangan va Olmaliq klublari pley-off saralash o‘yinidagi g‘alaba evaziga guruh bosqichiga yo‘llanma olgach, Superliga klublari o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani takrorlashdi. Co‘nggi marta 2016 yilgi mavsumda «Paxtakor», «Bunyodkor», «Nasaf» va «Lokomotiv» OChL guruh bosqichidagi maksimal to‘rtlikni tashkil etgandi. Shu tariqa, o‘zbek klublari 7 yil avvalgi natijani takrorlab, Osiyo maydonlarida 4 jamoamiz ishtirok etadigan bo‘ldi.
Qur’a qachon?
OChL-2023/24 guruh bosqich bahslarining barcha – 40 ishtirokchi jamoasi nomi aniq bo‘lib ulgurgan. Qur’a oldidan klublar 20tadan ikki mintaqa – G‘arb va Sharqqa hududiy joylashuviga ko‘ra bo‘linadi. O‘zbekiston klublari odatdagidek G‘arb mintaqasidan joy olgan bo‘lib, 5ta guruhning 4tasiga joylashadi. Bir mamlakatning ikki vakili bir guruhdan o‘rin olmaydi.
Qur’a tashlash marosimi bugun, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 13:00da boshlanadi. Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurdagi OFK shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirni odatdagidek Osiyo Futbol Konfederatsiyasi musobaqalarni o‘tkazish departamenti rahbari, o‘zbekistonlik Avaz Berdiqulov olib boradi. Klublarimiz rasmiylari qur’a jarayonida ishtirok etish uchun Malayziyaga yo‘l olgan. Guruh bosqich o‘yinlari 18 sentabrdan start oladi.
«Paxtakor» qanday guruhdan o‘rin olishi mumkin?
O‘zbekiston chempioni qur’a oldidan 1-savatchadan joy olgani sababli dastlabki savatchadagi Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» va «Al-Ittihod» klublari, Eronning «Persepolis» va Qatarning «As-Sadd» klubi bilan bir guruhdan o‘rin olmaydi. Maksim Shatskix shogirdlari Ronaldu to‘p surayotgan «An-Nasr» bilan bir kvartetdan joy olishi mumkin.
«Paxtakor»ning potensial raqiblari:
2-savatchadan: Sepahon, Ad-Duhayl, Al-Fayha, Nassaji Mozandaron
3-savatchadan: Ahal, Istiqlol, Mumbay Siti, Al-Quva, Al-Faysali
4-savatchadan: An-Nasr, Sharja, Al-Ayn.
Neymar yoki Ronaldu Qashqadaryoga keladimi?
Qarshining «Nasaf» klubi OChL qur’asi oldidan 2-savatchadan joy olgan. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari Saudiya klublariga qarshi maydonga tushish uchun barcha klublardan ko‘ra yaxshiroq imkoniyatga ega. Voha jamoasi Karim Benzema yetakchiligidagi «Al-Ittihod», Neymari bor «Al-Hilol» yoki Ronaldu to‘p surayotgan «An-Nasr» bilan bir guruhdan o‘rin olishi mumkin.















