O‘tkir aka Yo‘ldoshev tong saharlab turmush o‘rtog‘i pishirgan “perashka”larni velosipedida sotib kelib oila kamchiliklarini butlaydi. “Perashkachi”ning 4 qizi bor. Dilshoda oilaning uchinchi farzandi. U bu yil Beshariq tumanidagi 1-maktabning 11-sinfiga o‘tdi. Dilshoda muddatidan avval Angliya, Finlandiya, Yaponiya xalqaro universitetlari talabasiga aylandi. Mehribon ota ro‘zg‘ordan orttirib qizining tayyorlov kurslariga qatnashi uchun pul topib bera olmadi. Oila sharoitini to‘g‘ri tushungan o‘qituvchilar esa bilimga chanqoq qizga bepul ta’lim berdi.
Dilshoda O‘ktamova bir karra xalqaro, bir necha karra ichki olimpiadalar g‘olibi. Yaxshi niyat va mehnatlar o‘z mevasini berib, u muddatidan avval 6 universitet talabasiga aylandi.

Otam “perashka” sotib o‘qishim uchun sharoit qilib berdi...
“1-sinfdayoq chet tili o‘qishni boshladim. Qo‘shnimiz ingliz tili o‘qituvchisi edi. 3-sinfdan boshlab qo‘shnimizning uyiga qatnab grammatika o‘qib yurdim. 5-sinfga o‘tganimda maktabdagi ustozim olimpiadaga tayyorlashni boshladi. Qisqa qilib aytganda, qo‘shnimiz sabab chet tiliga qiziqish boshlangan.
Oilada to‘rt opa-singilmiz. Men 3-farzandman. Onam tong saharda turib perashka pishiradi. Otam uni ko‘chada sotib keladi.

Bolaligimdan ota-onam o‘zlari yemay-ichmay, yaxshi kiyinmay bir so‘m orttirsa ham kitob olib berishardi. Ular o‘qishimga alohida e’tibor qaratishdi. Ayniqsa, kitob sotib olmoqchi bo‘lsam qayerdan bo‘lsa ham pul topib berishgan. Ota-onam “perashka”dan tushgan summadan orttirib kitobim uchun doim pul ajratishgan.
Otam faqat olg‘a intilishim, o‘qish uchun barcha qiyinchiliklarni yengishim kerakligini doim uqtirib keladi. Onam ham meni doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. Kerak bo‘lsa uy yumushlaridan ham ozod qilib qo‘ygan.
5-sinfdan 9-sinfgacha tuman olimpiadalarida 1-o‘rinni olib kelganman. Dastlabki yutuqlarim shundan boshlandi. Pandemiya vaqtida onlayn olimpiadalar bo‘ldi. Rossiya va O‘zbekiston hamkorligida o‘tkazilgan olimpiadada ham 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Keyinchalik 10-sinfga o‘tib qo‘limga telefon tushganidan keyin universitetlar haqida ma’lumot olib imtihonlarda qatnashib ko‘rdim. Yetarli ball to‘plab universitetlarga o‘qishga qabul qilindim. Shu yilning yanvar oyida Xalqaro Yaponiya universiteti talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Undan keyin Finlandiya bilan hamkorlikdagi Nordis universiteti talabasiga aylandim. Oradan bir oy o‘tib Namangan xalqaro universitetiga qabul qilindim. Undan keyin esa SamMed universiteti talabasiga aylandim. Kuni kecha esa Londondagi G‘arbiy Shotlandiya universitetining (UWS London) talabalari safidan joy oldim.






















