Valuta kursi muhim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, inflatsiya darajasi, to‘lov balansi holati va davlat budjetining ko‘rsatkichlariga hamda mamlakat pul bozoridagi talab va taklif shakllanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir o‘tkazadi. Bunda valuta kursi rejimining qaysi turi tanlab olingani alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda O‘zbekistonda rasman «erkin suzuvchi» valuta kursi rejimi amal qiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan e’lon qilingan tadqiqotchi Marat Jo‘rayevning maqolasida valuta kursining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahlil qilingan.
Ichki narx-navolar va inflyatsion kutilmalarga ta’siri
2022 yil yakunlari bo‘yicha aholi tomonidan asosiy iste’mol qilinadigan tovarlar importi qariyb 9,2 mlrd dollarni tashkil etib, ularning jami importdagi ulushi 33 foizga to‘g‘ri keldi. Shundan 2,5 mlrd dollari oziq-ovqat va 1,8 mlrd dollari farmatsevtika mahsulotlari importi bo‘ldi. Oziq-ovqatlar importida shakar xomashyosining ulushi juda katta. 2022 yilda shakar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan shakar xomashyosi importi 460 mln dollarni tashkil etdi.
Bunday sharoitda milliy valuta kursining AQSh dollariga nisbatan pasayishi shakarning ichki bozordagi narxini oshirib, inflyatsion kutilmalarga bosimni kuchaytiradi. Xususan, Markaziy bankning tahliliga ko‘ra, almashuv kursining 1 foiz bandga qadrsizlanishi uzoq muddatda bazaviy inflatsiyaning 0,28 foiz bandga tezlashishiga sabab bo‘ladi.
Inflatsiya komponentlari bo‘yicha tahlil qilinganda, ushbu ta’sir oqibatida oziq-ovqat mahsulotlari narxi o‘sishi 0,42 foiz bandni, nooziq-ovqat mahsulotlari o‘sishi – 0,18 foiz bandni va xizmatlarda narxlarning o‘sishi – 0,16 foiz bandni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat narxlariga ta’siri yuqoriligi uy-xo‘jaliklari iste’mol xarajatlari tarkibida ularning ulushi o‘rtacha 40-50 foizni tashkil etishi bilan izohlangan.
Ushbu o‘zgarishlarni 2022 yilda tashqi bozorlarda vaziyatning murakkablashishi, asosiy savdo hamkorlarning valuta kurslari keskin tebranishi fonida kuzatilgan holat misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Jumladan, 2022 yilning mart oyida tashqi murakkab vaziyat fonida milliy valuta kursining 6,6 foizga tushishi, inflyatsion kutilmalarning oshishi hamda jahon xomashyo va energiya bozorlarida narxlarning o‘sishi Markaziy bank tomonidan asosiy stavka
14 foizdan 17 foizgacha oshirilishiga sabab bo‘ldi.
















