Yusufning otasi Abdurahmon Azimov asli toshkentlik bo‘lib, 2004 yilda o‘qish uchun Buyuk Britaniyaga ketgan. Hozir oilasi bilan Londonda yashaydi. U bilan Yusufning noyob qobiliyati, o‘g‘lining qanday qilib dunyoning eng aqlli kishilari jamiyatidan o‘rin olgani haqida suhbatlashdik.

– Abdurahmon aka, Buyuk Britaniyada 20 yildan beri yashaysiz. O‘zbekistondan ketishingiz va Britaniyada qolishingizga nima sabab bo‘lgan?

– O‘zim Toshkentda, Ko‘kchada tug‘ilib o‘sganman. Maktabni bitirib, Islom universitetining Xalqaro iqtisodiy aloqalar fakultetida o‘qidim. 2004 yilda o‘qishni tugatmay, Angliyaga ketganman. Angliyada ingliz tili va IT'ni kichikroq kollejda o‘qib, bakalavrni biznes boshqaruvi yo‘nalishida Vestminster universitetida o‘qidim. Shundan so‘ng dasturlash, veb-saytlar yaratishni o‘rgandim. Keyin esa Kembrijda raqamli biznes sohasida ham o‘qidim. Oxirgi 3-4 yilda blokcheyn texnologiyasi rivojlana boshladi. Hozir shu sohaga qiziqib yuribman. Shu yo‘nalishda Oksford universitetiga hujjat topshirdim, nasib etsa, u yerni ham bitirib olaman. Oilam bilan Londonda yashaymiz. 3 farzandim bor. Ayolim polshalik, polyak millatiga mansub. U bilan Angliyada birga ishlab tanishib qolganmiz. To‘yimiz ham o‘sha yerda bo‘lgan. Katta o‘g‘lim Yusuf 12 yoshda, keyingisi Yoqub 10 yoshda, kichkina qizim Sara 7 yoshda.

– O‘g‘lingiz Yusuf Mensa testlarida eng yuqori natija – 162 ball olib, dunyoning eng aqlli kishilari ro‘yxatiga kirdi. Mensa jamiyati haqida ma’lumot bera olasizmi?

– Mensa intellektual kishilar jamiyati har doim yuqori intellektga ega bo‘lganlarni aniqlash uchun testlar o‘tkazib boradi. Har bir odam bu testlarni 18 yoshgacha bo‘lgan davrda bir marta va 18 yoshdan keyin bir marta topshira oladi, xolos. Bu testlar butun dunyoda bir xil bo‘ladi. Savollar shunday bo‘ladiki, berilgan variantlarning hammasi to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin tanlangan variantlarga qarab intellektning qay darajada ekanini aniqlashadi. 18 yoshdan kattalar uchun beriladigan ball 161, 18 yoshdan kichiklar uchun esa 162 ball.

Bu jamiyat haqida bir necha yil oldin eshitgandim. Telegram tarmog‘i yaratilgan paytda Durov haqida o‘qiyotganimda Mensa jamiyati a’zosi degan joyiga e’tibor berganman. Shunday keyin o‘zim ham bir test topshirib ko‘rishim kerak deb o‘ylab yurardim. Farzandli bo‘lgach, doim, farzandim topshirib ko‘rsa, qanday bo‘larkan, degan qiziqish bo‘lgan.

2023 yilda o‘g‘lim Yusuf bilan birga test topshirdik, meniki hali javobi chiqmadi. Lekin o‘g‘limniki 162 ball chiqdi.