Sayyohlik firmalariga yengilliklar

“Turizm yo‘nalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida«gi prezident qarori asosida 2023 yil 1 sentabrdan boshlab quyidagi talablar bekor qilinadi:

-        tur-agentlarning elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo‘lishi;

-        turoperatorlarning elektron to‘lovlar xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi.

O‘zboshimcha qurilgan konstruksiyalarga “reyd” va madaniy obektlar himoyasi

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab reja-grafik asosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi va hokimliklar tomonidan:

-        seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi 3 va 4 toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalar;

-        ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston prezidentining tegishli qarori bilan Madaniy meros agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va mahalliy hokimliklar 2023 yil 1 sentabrdan boshlab reja asosida hududlarning (viloyat, tuman, shahar) bosh rejalari madaniy meros obektlarini muhofaza qilishga oid talablarga muvofiqligini tekshiradi.