Hasan, Husan va Tohir – 16 yoshda. “Biz bir birimizni to‘ldirib turamiz” deydi ular, chunki har birida o‘ziga xos qobiliyat bor. Bolalarning onasi hozirgacha ularni adashtirib qo‘yadi. Kun.uz bu quvnoq oila haqida reportaj tayyorlarkan, egizaklarni ota-onasi ovozidan qanday ajrata olishi haqida kichik eksperiment ham o‘tkazdi.
Uch egizak – Hasan, Husan va Tohirning otasi Jahongir Gulyamov, onasi –Saodat Gulyamova. Egizaklar 2007 yilda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. “Bolalarim to‘rt haftaligida shifokorlar 2 egizak tug‘iladi deyishgan, 8 haftaligida 3 o‘g‘il deyishgan. Juda hayajonlanganman, qo‘rqib ketganman, dunyoda shunaqa 3 egizak tug‘iladimi? O‘zimga birinchi bergan savolim shu bo‘lgan. U vaqtlar bu holat juda kam uchrardi, 3 nafar egizak tug‘ilibdi degan gaplarni eshitmas ham edik”, – deydi Saodat opa.
Egizaklarning otasi esa 3 egizak tug‘ilishini eshitgandagi holatini shunday tasvirlaydi:
“Birinchi marta bu xabarni telefon orqali eshitganman, taxminan 1 minutcha shok holatiga tushib qotib qolganman”.
Egizaklarning kattasi Hasan ularni birinchi ko‘rgan odam, albatta, “egizakmisizlar?” degan g‘alati savolni berishini aytadi.
“Ko‘rib bila turib, so‘rashadi. Yana “kim katta?” deyishadi. Yoki “kim Hasan, kim Husan?” deb so‘rashadi”, deydi u.
Bolalarning onasi Saodat opa egizaklarga hamma havas qilishi, ammo ularni katta qilishning anchagina mashaqqati borligini aytadi.
“Ularga uchta deb havas qilishadi, men ham yoshligimda havas qilganman, lekin 3 bolani bir vaqtda katta qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Bir vaqtda yig‘laydi, bir vaqtda kasal bo‘ladi, bir vaqtda uyg‘onadi, bir vaqtda beshikdan yechib olib ko‘tarish kerak. Mana shu joylari qiyin bo‘lgan. Bolalar 4 oylik bo‘lguncha vazn olish uchun shifoxonada yotganmiz. (Har biri 1,5 kgdan tug‘ilgan). Keyin onam va qaynonam yordam berganlar, shunday qilib katta qilganmiz”, – deydi Saodat opa.

Otasi ular bir-biriga mehribonligi va doim bir-birini qo‘llab-quvvatlashini faxr bilan gapiradi.


















