Rossiya sobiq SSSR hududida o‘z ta’sirini saqlab qolishga harakat qilib keladi. Bu esa ushbu mintaqa mamlakatlari bilan nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki harbiy hamkorlikni rivojlantirishga ham undaydi. Shu jihatdan, rasmiy Moskva o‘z hududi chegaralaridan tashqarida ham ko‘plab bazalarga ega. Ulardan bir qanchasi possovet davlatlari o‘rtasidagi mustahkam aloqalar natijasida, boshqalari esa sun’iy ravishda tashkil etilgan. Quyida Rossiyaning o‘z hududidan tashqaridagi harbiy bazalari va ularning paydo bo‘lish tarixi haqida ma’lumot beriladi.
Qozog‘iston
Rossiyaning mudofaa sanoati uchun muhim bo‘lgan xorijdagi eng yirik harbiy obektlar Qozog‘istonda joylashgan. Hozirda ushbu mamlakat hududida rus harbiylari tomonidan ijaraga olingan umumiy maydoni 8,6 million gektardan ortiq bo‘lgan uchta sinov maydonchasi bor.
Ulardan biri Sari-Shagan poligoni. Bu yer raketaga qarshi yangi tizimlarni, zenit va ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Baza Balxash ko‘lining shimoli-g‘arbidagi Qarag‘anda, Jambil, Aqto‘be va Qizilo‘rda viloyatlarining cho‘l qismida joylashgan. Uni qurish 1956 yilda boshlangan, 1996 yilda Rossiya poligonni ijaraga oladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirgacha Sari-Shaganda 400 dan ortiq raketaga qarshi yangi tizimlar, 5500 dan ortiq zenit va 900 dan ortiq ballistik raketa sinovlari o‘tkazilgan.

Ikkinchisi – Boyqo‘ng‘ir kosmodromi. Ushbu inshoot rasman 1955 yilda ish faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, dastlabki sinovlar 1957 yilda amalga oshiriladi.
Oltmish yildan ortiq tarixi davomida Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 6000 dan ortiq raketa uchirilgan. Xususan, 1961 yilning 12 aprel kuni Yu. Gagarinning samoga parvozi ham shu yerdan amalga oshirilgan.
1994 yilda Boyqo‘ng‘ir kosmodromi ham, unga yondosh Boyqo‘ng‘ir shaharchasi ham yillik 115 mln dollar to‘lash sharti bilan 2050 yilga qadar Rossiyaga ijaraga berilgan.





















