Bu Ukrainaning yozgi qarshi hujumi natijasida egallangan 12-qishloq, avgust oyida qaytarilgan ikkinchi qishloq bo‘lib turibdi. Rossiya qo‘mondonligi paydo bo‘layotgan sharoitlarda elitali desant qo‘shinlarini Zaporijjya va Donetsk oblasti chegaralaridagi kritik uchastkalarni himoya qilish uchun tashlashga majbur bo‘lmoqda va buning uchun boshqa yo‘nalishdagi pozitsiyalari ojizlashib qolmoqda, deb qayd etmoqda g‘arblik ekspertlar.

Ulardan ayrimlari alaloqibat istalgan joyda Rossiya mudofaasi yorib o‘tilishi mumkin, deb hisoblashmoqda, biroq rossiyaliklar uzoq vaqt mudofaaga tayyorgarlik ko‘rgani uchun avvalgidek Ukraina QKning qarshi hujumining davom etishi aslo yengil bo‘lishini hech kim kutayotgani yo‘q.

Rossiya Ukraina janubiga elita qo‘shinlarni jo‘natmoqda

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) o‘z kunlik hisobotida Luhansk oblastining Kreminna rayonida RF QK pozitsiyalarini mustahkamlash uchun va Zaporijjya oblastidagi Rabotine qishlog‘ida Ukraina QK siquvini qaytarish uchun havo-desant qo‘shinlarining 76-gvardiyachi desant shturm brigadasi tashlangani haqida xabar berdi. Mualliflar qayd etishicha, bu diviziya «strategik zaxira» toifasiga mansub bo‘lib, bu yo‘nalishda vaziyat jiddiyligidan dalolat beradi.

Bu haqda dengiz piyodalari sobiq ofitseri, Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti (FPRI) katta ilmiy xodimi Rob Li ham ta’kidlamoqda. Uning qayd etishicha, 76-diviziya RF qurolli kuchlari safida eng yaxshilaridan biri va nisbatan «yangi». «Ukraina janubidagi Rossiya kuchlari katta bosim ostida, shuning uchun RF QK u yerda o‘z zaxiralaridan foydalanmoqda. RF QK havo-desant qo‘shinlarining qolgan qismlari bu yoqda Baxmutda jang qilishmoqda», — deb yozgan Li ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida.

Rossiya qo‘mondonlarida boshqa iloj ham qolmagan, chunki Ukraina QK o‘z bosh maqsadi bo‘lmish Melitopol shahriga olib chiquvchi yo‘nalishda Donetsk va Zaporijjya oblastlari chegarasida joylashgan Urojayne, Rabotine va yana o‘nga yaqin qishloqlarni egallagan. Melitopol egallanishi Qrimga quruqlikdan yo‘lni kesib qo‘yish imkonini beradi. ISW’dagilar aytishicha, Rossiya havo-desant qo‘shinlarining (HDQ) amalda barcha bo‘linmalari ukrainlar qarshi hujum olib borayotgan hududlarda harakat qilmoqda. Avvalroq RF QK 7-gvardiyachi tog‘ o‘qchi diviziyasini Xerson oblastidan Zaporijjya oblasti sharqida va g‘arbida Rossiya mudofaasiga ko‘mak berish uchun ko‘chirishgan, Luhansk oblastidagi HDQ kuchlari Donetsk oblastidagi Baxmut shahri qanotlarini yopish uchun safarbar qilingan edi. Bularning barchasi elita bo‘linmalaridan front chizig‘ining kritik muhim uchastkalarini mustahkamlash uchun foydalanilayotganidan dalolat beradi.