O‘zbekistondagi eng yirik xorijiy investor va soliq to‘lovchilardan biri Beeline Uzbekistan Astrum IT Academy hamkori sifatida professional o‘quv dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. Dasturda ishtirok etish uchun saralash tanlovidan o‘tganlarga operator tomonidan umumiy qiymati 1 milliard 200 million so‘mlik 50 ta grant ajratiladi.
Astrum IT Academy kursi yangi boshlagan va axborot resurslarini himoya qilish bo‘yicha tajribali mutaxassislar uchun mos bo‘lgan modullardan iborat. Ular xakerlarning qanday ishlashini o‘rganadilar va kompyuter tizimlariga tashqi hujumlarga samarali qarshilik ko‘rsatish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar, shuningdek, PYTHON tilida dasturlashni o‘rganadilar. Nazariya o‘qish vaqtining taxminan 10% ini egallaydi, qolgan 90% esa — amaliyotdir. Kursni tugatgandan so‘ng, talabalar kiberxavfsizlik ilmiy birlashmasi sertifikatiga ega bo‘lishadi.
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar: 18 yoshdan 30 yoshgacha, ingliz va rus tillarini bilish. Arizalar qabuli 4 sentabrda boshlanib, 22 sentabrda yakunlanadi. Eng yaxshi 50 nafar talabani tanlash maxsus komissiya tomonidan amalga oshiriladi, uning tarkibiga Astrum IT Academy vakillari, digital-operatorning HR va CYBER Security guruhlari a’zolari kiradi. Trening 9 oktyabrdan 24 noyabrgacha davom etadi. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga Beeline Uzbekistan'da amaliyot o‘tash va ishga joylashish imkoniyati taklif etiladi.
«O‘zbekiston iqtisodiyotining barcha jabhalarini qamrab olgan raqamli transformatsiya kompaniyalar va davlat muassasalarining raqamli aktivlarini samarali himoya qilishga qodir kadrlarni tayyorlash zarurligini ta’kidlaydi. Biz tomondan taqdim etilayotgan grantlar IT sohasida ishlayotgan eng faol va muvaffaqiyatga intiluvchan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ishonchim komilki, bu ularga yuqori professional muvaffaqiyatlarga erishishda yordam beradi», — deya sharhlaydi Beeline Uzbekistan bosh direktori Andjyey Malinovski.
Yangi dastur o‘qituvchilari safiga ushbu sohada katta tajribaga ega bo‘lgan trenerlar kirgan:
- Sergey Simonov — pentester va kiberxavfsizlik ilmiy assotsiatsiyasi o‘qituvchisi, Omedia kompaniyasida DevOps muhandisi;
- Archil Shengelia — Cisco va CompTIA sertifikatlangan instruktori, Kavkaz universiteti negizida yaratilgan WMware, Microsoft va Fortinet rasmiy tarmoq akademiyalari menejyeri;
- Maksim Yavich — Kavkaz universiteti professori, kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i, Kiberxavfsizlik ilmiy uyushmasi (SCSA) prezidenti;
- Venera Ayubjanova – O‘zbekiston Respublikasi Kiberxavfsizlik markazi mutaxassisi.















