Sochi shahrida Rossiya va Turkiya prezidentlari muzokaralari yakunlandi. Yakuniy matbuot anjumanida e’lon qilingan bayonotlarga ko‘ra, «g‘alla bitimi»ni qayta tiklash bo‘yicha biror kelishuvga erishilmagan.
Rossiya prezidenti «g‘alla bitimi» bo‘yicha avvaldan Rossiya tomoni manfaatlarini hisobga olib majburiyatlar kelishilgani haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bitim muddati tugayotganida ham hech qanday majburiyat ijro etilmagan, biroq tezda hammasini bajarishini va’da qilib RFdan yana uni uzaytirishni so‘rashgan. Rossiya yana ko‘ngan, biroq evaziga hech narsa olmagan. U bitim uchinchi marta uzaytirilganda Rossiyani «adlab ketishgani»ni ta’kidlagan. «Biz barcha berilgan va’dalar bajarilsagina, bitimga zudlik bilan qaytishga tayyormiz», dedi Sochida Putin.
Rossiya prezidentining qayd etishicha, Rossiya bitim doirasida xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash bilan band bo‘lib turgan bir chog‘da, ikkinchi tomon humanitar yo‘laklardan «terrorchilik hujumlari» uchun foydalangan. Boz ustiga, Ukranadan chiqqan ozi-ovqat yuklarining 70 foizidan ortig‘i Afrika davlatlariga emas, Yevropaning o‘ziga to‘q davlatlariga yo‘l olgan. Natijada Rossiyani bitimdan chiqishga «majbur qilishgan», chunki G‘arb davlatlari Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazishni ta’minlashda taqiq o‘rnatgan, «g‘alla bitimi»ning humanitar xarakterga ega ekani borasida esa aldamoqda.
Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, bitim yakunlanishi global oziq-ovqat narxlariga ta’sir o‘tkazmagan. «Jahon bozorlarida g‘alla mahsulotlari narxi pasayishda davom etmoqda, chunki Ukrainaning jahon g‘alla bozoridagi ulushi bor-yo‘g‘i 5 foiz atrofida va bu yanada kamayishda davom etadi», degan Putin.
Hozircha Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportini o‘zi yo‘lga qo‘yish niyatida, Afrikaning oltita davlati bilan g‘alla yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlar imzolashga yaqin.
Erdo‘g‘an esa «g‘alla bitimi» qashshoq davlatlar uchun muhim ahamiyat kasb etganini qayd etdi. Turkiya BMT bilan birga bitim bo‘yicha yangi maslahatlashuvlar paketini tayyorlagan.
Putin matbuot anjumani davomida Ukrainadagi vaziyat haqida ham o‘z fikrlarini bildirgan.
Jurnalistning Ukraina qarshi hujumi depsinib qoldi, deb hisoblash mumkin, deya bergan savolgiga javoban RF prezidenti shunday degan:
«Bu — depsinish emas, bu — barbod bo‘lish. Nima bo‘lganda ham, bugungi kunga kelib hammasi aynan shunday ko‘rinmoqda. Kelgusida nima bo‘lishini ko‘raveramiz. Umid qilamizki, keyinchalik ham aynan shunday bo‘lib qoladi».

















