Turkiyada seriallar suratga olingandan so‘ng o‘sha hududlarda sayyohlar oqimi oshib ketadi. Bunga “Chuqur”, “Xinoli qor”, “Hukmdor Usmon” va “Muhtasham yuz yil” seriallari tasvirga olingan manzillarni misol qilish mumkin. Filmlarning mashhurlashishi o‘sha yerlik aholi daromadining yaxshilanishiga ham sabab bo‘ladi. Kun.uz muxbiri Istanbulda serial ortidan tirikchilik qilayotgan Gunesh xola bilan suhbat qilib, kinofilmlarning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri haqida reportaj tayyorladi.

San’atdan sanoatga...

Turkiya kino va seriallari dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarida namoyish etiladi va talabgirligiga ko‘ra dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi. O‘tgan 2022 yilda birgina teleseriallar eksporti turk kinosanoatiga 600 million dollar daromad keltirgan. Foyda shu bilangina cheklanib qolmaydi, albatta.

Filmlarga talab shu darajada yuqori ekan, ulardan nega aholi turmush darajasini yaxshilash yo‘lida foydalanilmasligi kerak? Bu qanday amalga oshiriladi? Hammasi juda oddiy: iqtisodiy og‘irroq bir hudud tanlanadi, o‘sha manzil bilan bog‘liq serial suratga olinadi va joy nomi tanitiladi.

“Chuqur” seriali suratga olingan Balat rayoni

Serial mashhurlikka erishgach, u tasvirga tushirilgan hududlar kinoixlosmandlarda qiziqish uyg‘otib, o‘sha manzillarda sayyohlar oqimi paydo bo‘la boshlaydi. Qarabsizki, mahalliy aholi uchun tayyor tirikchilik. Gapni ko‘p cho‘zmasdan, mashhur “Chuqur” seriali suratga olingan Istanbuldagi Balat rayoni aholisining fikrlarini eshitsak.

Gunesh Elma

Serial boshlandi va biz bu ishlarni qildik. Olloh Yamachdan rozi bo‘lsin. Shuning yordami bilan non topyapmiz. Serial mening uyimda ham tasvirga olindi. Yamachning o‘zi suratga tushdi. Nabiralarim onasi vafot etgan, yetim bo‘lib ulg‘ayyapti. Ularni kim boqadi? Shu uchun mana savdo, tirikchilik qilyapmiz”, deydi esdalik buyumlari sotuvini yo‘lga qo‘yib olgan Gunesh Elma.

2017-2021 yillarda tasvirga olingan 131 seriyali “Chuqur” serialining dunyo bo‘ylab ommalashuvi ortidan bugun Balat rayonida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish turlari ko‘paygan. Kimdir Gunesh xoladek filmga aloqador unsurlarni eslatuvchi esdalik mahsulotlar sotayotgan bo‘lsa, yana kimdir devorlarga sayyohlar ismini yozish, hududda kinoqahramonlar yashagan uylarga ekskursiya qildirish, kafe va oshxonalarni yurgizish, maxsus maydonchalarda suratga tushirish bilan shug‘ullanib, tirikchilik qilishmoqda.