Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Xorvatiya orqali g‘alla eksport qila boshladi
Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko Xorvatiya portlari orqali g‘alla eksporti boshlanganini e’lon qildi. Bu kelishuvga bosh vazir Andrey Plenkovich bilan uchrashuvda erishildi.
«G‘alla bitimi» tugagandan so‘ng, Ukraina Xorvatiya portlari orqali g‘alla eksport qila boshladi, deya ma’lum qildi 7 sentabr, payshanba kuni Kiyevdagi Iqtisodiyot vazirligi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina g‘allasini eksport qilish uchun yangi savdo yo‘llarini ochish masalasi Buxarestda bo‘lib o‘tgan «Uch dengiz tashabbusi» sammiti doirasida Ukraina iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko va Xorvatiya bosh vaziri Andrey Plenkovich o‘rtasidagi ikki tomonlama uchrashuvda muhokama qilingan.
Kiyev transport yo‘lagi imkoniyatlarini kengaytirmoqchi
«Ukraina g‘allasi allaqachon Xorvatiya portlari orqali eksport qilinyapti. Bunday imkoniyat uchun rahmat. Garchi bu savdo yo‘li o‘ziga xos bo‘lsa-da, u yo‘lga qo‘yildi. Biz transport yo‘lagi imkoniyatlarini kengaytirish orqali uni rivojlantirishga tayyormiz», - dedi Sviridenko. U urushdan keyin Ukraina va Xorvatiya o‘rtasidagi «bu logistika yo‘nalishi ikki tomonlama savdoda muhim rol o‘ynashiga» ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, uchrashuvda minalardan tozalash uchun zarur bo‘lgan uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. «Urushdan keyingi tiklanish ham, milliy iqtisodiyotning yanada rivojlanishi ham bu jarayon tezligiga bog‘liq. Shuning uchun biz Ukrainaga ushbu muammoni hal qilishda yordam berayotgan barcha hamkorlardan minnatdormiz», - dedi Sviridenko. O‘z navbatida, Xorvatiya bosh vaziri Ukrainaga harbiy jinoyatlarni tergov qilishda yordam berishni taklif qildi. «Gap urush davrida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qiluvchi maxsus prokurorlar va maxsus politsiya institutlarini yaratish bo‘yicha Xorvatiya bilan tajriba almashish haqida bormoqda», — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq Ukraina g‘allasi daryo orqali eksport qilinmagan, chunki Qora dengiz bo‘ylab tashish ancha arzon edi. Nashr 2022 yil noyabr oyidagi narxlarni keltirgan: Markaziy Ukrainadan Qora dengiz bo‘ylab eksport tonnasi uchun 29 dollar, Dunay portlari orqali – 124 dollar, quruqlik orqali va Polshaning Gdansk portidan bir tonna uchun – 140 dollar.