Jahon | 18:22 / 09.09.2023
8228
2 daqiqa o‘qiladi

G20 sammiti Rossiya va Ukrainadan oziq-ovqat va o‘g‘it eksportini ta’minlashga chaqirdi

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan G20 sammiti yakunlari bo‘yicha deklaratsiya e’lon qilindi.

Foto: GLOBALLOOKPRESS

Deklaratsiyada Ukrainadagi urush bo‘yicha blokning turli a’zolari o‘rtasidagi qarashlarning «farq»ligi tan olinadi, ammo yadro qurolidan foydalanish yoki qo‘llash bilan tahdid qilish ehtimoli qoralanadi. Shu bilan birga, G20 yetakchilari ham Ukraina, ham Rossiyadan oziq-ovqat va o‘g‘it eksport qilish imkoniyatini berishga chaqirmoqda. Rossiya-Ukraina mojarosi «muloqot» orqali hal qilinishi kerak.

Deklaratsiya xalqaro huquq tamoyillariga, jumladan, hududiy yaxlitlik va suverenitetga rioya qilishga chaqiradi. Shu bilan birga, u G20 «geosiyosiy muammolarni hal qilish uchun platforma emasligini» ta’kidlaydi.

Bundan tashqari, sammit yetakchilari «ko‘p tomonlama munosabatlar tizimida yanada kengroq inklyuzivlik va shaffoflik» zarurligi, shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlar jahon moliyaviy-iqtisodiy institutlarida yaxshiroq namoyon bo‘lishi zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi.

Afrikaning 55 davlatidan iborat Afrika Ittifoqi G20 blokiga qo‘shilishning muhim roli alohida ta’kidlanadi. Uning tashkilotga qo‘shilishi haqida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ma’lum qildi. Ilgari faqat Yevropa Ittifoqi G20'da xuddi shunday maqomga ega edi.

Shu bilan birga, G20 yetakchilari tabiiy ofatlardan keyin infratuzilmani tiklash bo‘yicha tajriba almashishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

«Katta yigirmatalik» davlatlari 2030 yilgacha vayron bo‘lgan ekotizimlarning 30 foizini tiklashga va’da berishdi. G20 davlatlari global oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash majburiyatini oldi.

G20 yetakchilari butun dunyo bo‘ylab vaksinalar, malakali tibbiy davolanish va sifatli diagnostikadan teng foydalanishga chaqirdi.

«Katta yigirmatalik»ning navbatdagi yig‘ilishlari Braziliya (2024), Janubiy Afrika (2025) va AQShda (2026) bo‘lib o‘tadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid