Germaniya kansleri Olaf Shols BMTning umumsiyosiy muhokamalarida ishtirok etish uchun shu oy Nyu-Yorkka boradi, dedi 8 sentabr, juma kuni kansler matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt. 

17-20 sentabr kunlari AQShga tashrifi chog‘ida Shols BMT Bosh Assambleyasida ham nutq so‘zlaydi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida va iqlim bo‘yicha sammitda ishtirok etadi, dedi Xebeshtrayt. 

Nyu-Yorkka tashrifi davomida Shols, shuningdek, «Atlantika kengashi» nohukumat tashkiloti tomonidan BMTning umumiy debatlari davomida har yili topshiriladigan nufuzli Global Citizen Award mukofotini oladi. Bu yilgi g‘oliblar orasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida, AQSh moliya vaziri Janet Yyellen va First Eastern Investment Group rahbari Viktor Chu ham bor, deb yozadi dpa agentligi. 

Mukofot «o‘z jamiyatlarida ijobiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shgan va xalqaro hamkorlikka sadoqatini ko‘rsatgan» insonlarga beriladi.