Zangiota tumanida 2023 yil 29 avgust kuni yo‘qolgan 2 yoshli bola kechga yaqin qopqog‘i yo‘q quduqdan o‘lik holda topildi. Ma’lum bo‘lishicha bola o‘ynab ko‘chaga chiqqan va quduqqa tushib ketgan. Umuman, O‘zbekistondagi turli shaharlarda yurganda, tez-tez ko‘chalarda usti ochiq quduqlarga ko‘z tushadi. Quduqlar qurilayotganda barchasining usti qopqoq bilan yopiladi. Xo‘sh, keyin nega ularning usti ochilib qoladi? Olib yurish qiyin bo‘lgan qopqoqlar nega va qayerga yo‘qoladi?

Bu savolga javob topish qiyinmas, quduqlarning qopqoqlarini o‘g‘irlab ketishadi. Masalan, Guliston shahar IIBning xabar berishicha, yaqinda ushbu shahar hududida ichimlik va oqova suvlari kuzatuv quduqlariga o‘rnatilgan qopqoqlarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olingan.

Boyovut tumanida yashovchi uch nafar shaxs 2023 yil iyun-avgust oylarida Guliston shahridagi to‘rtta mahalladan “Sirdaryo suv ta’minoti” MChJga qarashli ichimlik va oqova suvlari kuzatuv quduqlariga o‘rnatilgan 86 dona qopqoqni o‘g‘irlagan.

So‘ng qopqoqlarning har birini 480 ming so‘mdan, jami 41 mln 280 ming so‘mga sotib yuborgan va pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatgan. 

Ushbu shaxslar Gulistondan o‘g‘irlangan 60 dona temir qopqoqni Mirzaobod tumani Toshkent mahallasi hududida joylashgan temir bozoriga olib borib, fuqaro O.N.ga sotgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan uch nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qarshi shahar hokimligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yilda shahar hududidan jami 200 ga yaqin qopqoq yo‘qolgan.

Jumladan, “Qashqadaryo suv ta’minot” MChJ Qarshi shahri bo‘limi tomonidan xatlov qilinganda shahardagi 107 ta ichimlik va oqova suv kuzatuv quduqlarining qopqoqlari yo‘qolgani (noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani) aniqlangan.

Shuningdek, “Qarshishahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi va “O‘ztelekom” Qarshi shahri filialiga tegishli bo‘lgan 80 ga yaqin quduqlarning qopqoqlari yo‘qolgan.

Samarqand shahar hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra esa 2022 yilda shaharda turli tashkilotlarga tegishli bo‘lgan 200 ga yaqin qopqoq yo‘qolgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilar hatto kuzatuv kameralari bor joylardagi quduqlarning qopqoqlarini o‘g‘irlamoqda. Bunda ular davlat raqami yechib olingan mashinalardan foydalanadi va qopqoqni olayotganda yuzlariga niqob taqib oladi.