O‘zbekiston | 11:17 / 12.09.2023
6111
2 daqiqa o‘qiladi

Boltiq dengizida NATOning yirik harbiy mashqlari boshlandi

Estoniya va Latviya qirg‘oqlari yaqinida ikki hafta davom etadigan mashqlarga Germaniya boshchilik qilmoqda. Northern Coast mashg‘ulotlarida ilk bor alyans hududini himoya qilish ssenariysi sinovdan o‘tkazilmoqda.

Foto: Reuters

Latviya va Estoniya qirg‘oqlarida Germaniya boshchiligidagi NATO harbiy-dengiz kuchlarining ikki haftalik mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda 11 sentabr, dushanba kuni Rostokda Germaniya harbiy-dengiz kuchlari vakili ma’lum qildi. 2007 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan Northern Coast shartli nomi ostidagi mashqlarda bu yil Shimoliy Atlantika alyansining 14 davlatidan uch mingdan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etmoqda

Ular orasida nafaqat Boltiqbo‘yi mamlakatlari, balki Italiya, Fransiya, Kanada, AQSh kabi davlatlar ham bor. Mashqlarga 30 ga yaqin kema va katerlar, jumladan, suvosti kemasi, 20 ga yaqin samolyot va turli yer ustida harakatlanuvchi bo‘linmalar jalb etilgan. 

NATO hududini mudofaa qilish ssenariysi 

Germaniyaning Rostok shahridagi shtab boshchiligidagi mashg‘ulotlar Boltiq dengizida ittifoqchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan. Birinchi marta Northern Coast manyovrlari NATO hududini himoya qilish ssenariysini ishlab chiqishga asoslangan. 

11 sentabr kuni ertalab Riga portida va qirg‘oq yaqinida to‘plangan bo‘linmalar ochiq dengizga chiqdi. Ular minalarni tozalash, otishma, suvosti kemalarida harakatlanish, elektron urush olib borish, razvedka va quruqlikdagi operatsiyalar hamda bandargoh mudofaasi ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha mashq qiladi. 

Mavzuga oid