O‘zbekistonda bu yil ham talabalarning to‘lov-kontraktlari miqdori oshirilmaydigan bo‘ldi. Kun.uz bu tendensiyadan xavotir bildirayotgan va OTMlarning davlatdan mustaqilligini oshirishga chaqirayotgan jamoatchilik faollari – iqtisodchi Otabek Bakirov va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatlashib, bu boradagi mulohazalarini kengroq bayon etishni so‘radi.

— To‘lov-kontrakt miqdorlari oxirgi marta qachon oshirilgan edi?

Xushnudbek Xudoyberdiyev: 2005 yillardan bu yog‘ini bir tahlil qilsak, kontrakt narxlari tartibsiz o‘zgargan, aynan bir qonun-qoidasi yo‘q. 2007 yilda Yuridik universitetda kontrakt birdaniga 2 barobar oshirilganini yaxshi eslayman. 2019 yilda kontraktlar ilk marta eng kam oylik ish haqiga bog‘landi, shunga mutanosib tarzda oshiriladi, deyildi. Va o‘sha yili kontraktlar 18 foizga oshirildi, ammo ish haqi 10 foizga oshgan edi va ko‘pchilik shu miqdorni kutgandi. Rosa to‘polon bo‘lgandi. 2020 yilda o‘zgarmadi, darslar onlayn bo‘lgani uchun chegirma ham qilindi. 2021 yilda esa 10 foizga oshdi va vaksina olganlarga 10 foiz chegirma ham berishdi. Shundan keyin miqdor oshgani yo‘q.

2019 yilda pedagogika yo‘nalishlarida kontrakt 5 mln 900 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 6 mln 400 mingdan ziyodroq. Farq –500 ming so‘m atrofida.

— Otabek aka, siz har qanday sohada narxlarni sun’iy tushirib turish salbiy oqibatlarga olib kelishini aytib kelasiz. Kontrakt narxlarining ushlab turilishi ham shunday oqibatlar keltirib chiqaradimi? Va bular qanday oqibatlar bo‘lishi mumkin?

Otabek Bakirov

Otabek Bakirov: Narxlar sun’iy ushlab turilishi deyishdan oldin aniqlik kiritib o‘tish kerak. Men oliy ta’limda ko‘rsatiladigan xizmatlarni davlat tomonidan tartibga solinishi kerak bo‘lgan xizmatlar qatoriga qo‘shmayman. Oliy ta’limga to‘liq bozor qonuniyatlarida ishlashi mumkin bo‘lgan bozor segmenti deb qaralishi kerak. Oliy ta’limni rivojlantirish strategiyasida ham davlat OTMlariga moliyaviy erkinlik berilishi ko‘zda tutilgan edi. Shuning uchun ham OTM kontraktini davlat tartibga solmasligi kerak deb bilaman. Ammo oxirgi 20-22 yilda shakllangan konsensusga ko‘ra, oliy ta’lim yuqori darajada davlat tomonidan tartibga solinyapti.

Bozordagi narxlar, talab va takliflarga qaralmasdan, uzoq vaqt narx ushlab turilishi o‘sha sohada salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Bu faqat oliy ta’lim bilan bog‘liqmas, barcha sohada shunday. Deylik, jamoat transporti narxi uzoq vaqt ushlab turilsa, sifat pastlaydi yoki shaharda umuman jamoat transporti qolmaydi.