Qishloq xo‘jaligiga bozor kerak ekan

Prezidentning irodali qarori bilan fermerlar yetishtirayotgan bug‘doy birjada sotiladigan bo‘ldi va o‘sha zahoti ming bir muammo o‘z-o‘zidan so‘rila boshladi – malham ta’sirida infeksiya o‘chog‘i so‘rilgani kabi. Buyog‘iga endi g‘allachilik sohasi bo‘yicha eshitadigan xabarlarimiz asosan yaxshi yangiliklar bo‘ladi, chunki muammolar kamayib boryapti.

Paxtachilikda esa xo‘jalik sub’yektlari o‘rtasidagi munosabatlar, mahsulotni sotish masalasida ishlar bozor tamoyillariga mos holatga keltirilmagani uchun, oxiri yo‘q muammoalar haqida xabarlar eshitib kelyapmiz – sohadagi holat hech kimni xursand qilmayapti.

Mana, paxtachilik klasterlari ham, imtiyozli sharoitda ishlashayotgan bo‘lsa-da, joriy vaziyatdan noroziliklarini bildira boshlashdi. Holbuki, klasterlar imtiyozli kreditlar olishadi, homashyo yetishtirib beruvchi fermerlar ularga aksar holatlarda “ko‘ngilli-majburiy” shaklda biriktirilgan.

Savol: nega unda paxta klasterlari vaziyatdan qoniqmayapti? Javob: chunki bozor tamoyillari buzilgan.

Bozor tamoyillari buzilganda esa o‘ng‘aysiz, mantiqsiz, hatto kulgili holatlar yuz beradi. Qanaqa deysizmi?

Guvohi bo‘lib turganimizdek, paxta klasterlari paxtani fermerlardan qimmat narxda olayotganidan shikoyat qilyapti. Nonsens... Bozor iqtisodiyoti sharoitida bir xo‘jalik sub’yekti boshqasidan mahsulotni qimmat olayotganidan shikoyat qilmaydi, chunki bozor iqtisodiyotida narxni raqobatli bozor shakllantiradi. Shakllantirishi kerak.

Tasavvur qiling, kartoshkadan chips ishlab chiqaruvchi tadbirkor jamiyatga shikoyat qilyapti, “dehqon kartoshkasini menga men aytgan narxda sotsin”, – deb murojaat qilyapti...

Bozorning oddiy qoidalari haqida

Har bir tovar narxini talab-taklif shakllantirishi kerak. Buni amalga oshirish uchun insoniyatga qadimdan bozor (market, rynok) xizmat qilib kelgan.

Bozor – eng muhim instrument, u mahsulot narxini doimiy ravishda o‘sha mahsulotga bo‘lgan asl talab va taklifga muvofiqlashtirib turuvchi ajoyib, xalaqit qilmasa o‘z-o‘zidan ishlaydigan qimmatli, shu bilan birga bepul mexanizm. Bu mexanizmga xalaqit qilinganda tovar o‘zining shu topdagi asl qiymatidan judo bo‘ladi va alal-oqibat iqtisodiyotda buyuk chalkashlik yuzaga keladi.