Jahon | 08:15 / 14.09.2023
11432
2 daqiqa o‘qiladi

KMTA: Putin Shimoliy Koreyada Kim Chen In bilan uchrashishga rozi bo‘ldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDRga tashrif buyurish «taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi», deya xabar bermoqda Shimoliy Koreya agentligi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning «qulay vaqtda» KXDRga tashrif buyurish taklifini qabul qildi. «Putin taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi hamda Rossiya va KXDR o‘rtasidagi do‘stlik tarixi va an’analarini so‘zsiz davom ettirish istagini tasdiqladi», — deb xabar berdi KMTA davlat axborot agentligi 14 sentabr, payshanbaga o‘tar kechasi.

Putin va Kim Chen In 13 sentabr kuni Rossiyaning Uzoq Sharqidagi «Vostochniy» kosmodromida uchrashdi. Kim Rossiya prezidentini u bilan rasmiy kechki ovqat paytida Shimoliy Koreyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Bungacha ular «Vostochniy» kosmodromini ko‘zdan kechirish chog‘ida muloqot qilgan, shundan so‘ng avvaliga delegatsiyalar ishtirokida, so‘ngra yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan. 

Chorshanba kuni ertalab Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning Rossiya prezidentining Pxenyanga ehtimoliy tashrifi haqidagi savoliga javoban, «hozircha bunday rejalar yo‘q», dedi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid