O‘zbekiston | 18:30 / 14.09.2023
14410
11 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo rahbarlarining maslahat uchrashuvida qator takliflarni ilgari surdi

O‘zbekiston prezidenti geosiyosiy xatarlarga qarshi harakatlarni birlashtirish, o‘zaro savdoni erkinlashtirish, Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, Markaziy Osiyo iqtisodiy kengashini tuzish kabi takliflarni o‘rtaga tashladi. Shavkat Mirziyoyev energetikadagi muammolarga to‘xtalarkan, buni mintaqaning uzoq muddatli rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdid deb atadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

14 sentabr kuni Dushanbeda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda beshta respublika prezidentlari bilan birga, faxriy mehmon sifatida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotgani asosiy natija sifatida qayd etdi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo G‘arbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olmoqda.

“Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz”, – dedi prezident. Mirziyoyev buning natijasi sifatida “Markaziy Osiyo plyus” formatida qariyb 10 dan ortiq hamkorlik muloqotlari ta’sis etilganini ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisining qayd etishicha, Markaziy Osiyo mintaqasi “geosiyosiy raqobat va ziddiyatlarning oqibatlarini to‘liq his etmoqda”. Bunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish uchun “ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirish” kerak.

Erkin savdo

Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan ilgari surgan takliflardan birinchisi o‘zaro savdoni erkinlashtirishga oid bo‘ldi.

“Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish lozim.

Shu munosabat bilan, mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilishni taklif etamiz”, – dedi prezident.

Buning uchun tashqi savdoga mas’ul vazirlarning doimiy uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish kerakligi aytildi.

Sanoat kooperatsiyasi

O‘zbekiston rahbari mintaqada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga chaqirdi. Mirziyoyevga ko‘ra, uchinchi davlatlarga eksport qilishni ko‘zlagan holda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish – istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.

Bu boradagi harakatlar tizimli tus olishi uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Transport bog‘liqligi

Shavkat Mirziyoyevning uchinchi taklifi transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni oshirishga qaratildi. Uning aytishicha, asosiy tashqi bozorlardan jo‘g‘rofiy jihatdan uzoqligi hisobiga, MO davlatlarida yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning so‘nggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetmoqda. Dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich esa 11 foizdan oshmaydi. Natijada mintaqa iqtisodiyoti rivojlangan davlatlardagidan ko‘ra 2-3 marta ko‘p transport xarajatini ko‘tarishga majbur bo‘lyapti.

“Mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash, Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish imkoniyatlari mavjud, deb hisoblaymiz”, – dedi davlat rahbari. U mazkur faoliyatga ozarbayjonlik sheriklarni faol jalb etishni taklif qildi.

Energetika – jiddiy tahdid

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida energetika masalasiga ham urg‘u qaratdi.

“Afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdiddir.

Biz bunday sharoitda tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish tarafdorimiz.

Bundan tashqari, elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorligimizning muhim yo‘nalishiga aylanishi lozim.

Bizning mintaqamiz, shuningdek, gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Biz Tojikistonda Zarafshon daryosida GES qurish loyihasini birgalikda ishlab chiqmoqdamiz, Qirg‘izistonda Qambarota GES-1 loyihasini amalga oshirish masalasini faol hal etmoqdamiz.

Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emas, deb hisoblaymiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oziq-ovqat xavfsizligi

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyoda agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalarini qayd etib o‘tdi.

Bu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash taklif etildi.

“Ta’kidlab aytmoqchimanki, bizning mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir”, – deya qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.

Prezident kun tartibidagi savdo-iqtisodiy masalalarining butun kompleksi bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omiliga aylanmoqda.

Prezident kelgusi yil bahorda Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilishini aytib, unga mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini taklif qildi. Forum yakuni bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” nomli rezolyutsiyasi loyihasi tayyorlanadi.

Ta’kidlanishicha, iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish ham iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shilgan amaliy hissa bo‘lishi mumkin.

“Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etishni taklif qilamiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xavfsizlik

O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo davlatlarining Xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan muntazam yig‘ilishlarni o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Chegaralarni himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqishga kirishish taklif etildi.

Xavfsizlikka nisbatan an’anaviy va yangi xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi ssenariylarni amalda qo‘llash bo‘yicha qo‘shma harbiy-o‘quv mashqlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida mintaqaviy tizimni shakllantirishga chaqirdi.

Afg‘oniston

Afg‘onistonning bugungi hokimiyati bilan doimiy va ochiq muloqot qilish, ular bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqot olib borish g‘oyat muhimdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Afg‘oniston hokimiyati bilan hamkorlikni o‘zaro kelishilgan holda olib borish uchun MO davlatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari darajasida muloqot guruhini tashkil etish taklif etildi.

Prezident transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga, Afg‘onistonning ichki transport yo‘llarini tiklash o‘ta muhimligini ham qayd etdi.

***

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari so‘zga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.

Tadbir yakunida quyidagi hujjatlar qabul qilindi:

  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;
  • Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim;
  • Markaziy Osiyoda yerusti transportining o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida bitim;
  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi to‘g‘risida nizom;
  • 2022-2025 yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun “yo‘l xaritasi”.

Mavzuga oid