Dilorom Abdunabiyeva yolg‘iz o‘zi olti jon uchun mas’ul: nogiron opasi, ikkinchi turmushga chiqib ketgan opasining 4 farzandi va o‘zining bir nafar bolasi uning qaramog‘ida. U qiyinchiliklarga qaramay bolalarni ko‘chada qoldirmadi.

Dilorom Abdunabiyeva asli Oltiariq tumanidan. Ayni paytda Farg‘ona shahrida yashaydi. Oilaning kenjasi bo‘lgan Dilorom 2 yoshidayoq ota mehridan ayrildi. Ota 8 farzandini tashlab ketdi. Shundan keyin oila parokanda bo‘ldi. Egizak qizlarining biri nogiron tug‘ilgach, ona uni davolatish uchun hovlisini sotishga majbur bo‘ldi.

Kenja farzand Diloromning turmushi esa o‘xshamadi. U hozirda o‘z qizi, nogiron opasi, turmushga chiqib ketgan opasining 4 farzandi bilan ijara uyda yashaydi.

 “Oilada 8 farzand edik, eng kattamiz o‘g‘il bo‘lgan, kenjasi men edim. Onam hammamizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi. Fotima opam nogiron edi... Qiynalganmiz, bobomlar, qarindoshlar yordam berib turgan. Vaqt o‘tib hammamiz har yoqqa tarqalib ketdik. Otamning qayerda ekanini, bu dunyoda bor yoki yo‘qligini hech birimiz bilmaymiz. Onam ham ota, ham ona bo‘ldi.

Otam tashlab ketgan paytda men 2 yashar edim. Nogiron tug‘ilgan Fotima opamni davolatish uchun onam yelib yugurdi. Eslayman – ko‘pincha meni katta opamga tashlab ketardi.

Bir onadan qaysi farzandingizni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz, deb so‘rashganda, qaysi biri safarda bo‘lsa, safardan qaytguncha o‘shani. Bemor bo‘lsa, tuzalguncha o‘sha bolamni ko‘proq yaxshi ko‘raman, degan ekan. Onam ham xuddi shunday edi. Nogiron Fotima opamni elga qo‘shaman deb uylarni sotdi, hech narsasiz qolgan paytlar bo‘ldi, onam yolg‘iz boshi bilan barchasiga chidadi. Opam o‘zi tug‘ilish paytida nogiron bo‘lib qolgan ekanlar. To‘g‘ri, hozir opam o‘zi mustaqil ko‘cha-ko‘yda yurolmaydi, lekin yetaklasak bemalol harakatlanadi, Xudoga shukr, shunchalik bo‘ldi.

Gohida onam qizim, seniyam qiynab qo‘ydim, go‘dakligingda yaxshi qarolmadim, xafamasmisan, deydi. Onadan xafa bo‘lib bo‘larkanmi, baxtimga bor bo‘ling, deyman».

31 yoshli Dilorom xolasiga kelin bo‘ldi. Lekin turmushi uzoqqa cho‘zilmadi. Ikkinchi turmushidan qizli bo‘ldi. Dilorom hozirda qizi bilan birga opasining 4 farzandiga ham qaraydi. U kuchni nogiron opasi va shu norasidalardan oladi.