Angliya: «MYu»da xaos, Salohda yubiley va Risharlisonning benefisi

«Manchester Yunayted» — «Brayton» 1:3
Gollar: Mejbri (73) — Uelbek (20), Gross (53), Pedro (71). 
Manchester Yunayted – Onana, Dalot, Lindelyof, Martines (Uan-Bissaka, 85), Regilon (Garnacho, 85), Maktominey (Pelistri, 85), Eriksen, Kazemiro (Mejbri, 64), Fernandesh, Reshford, Hoylund (Marsiyal, 64).
Brayton – Stil, Veltman, Dank, van Hekke, Lempti (Milner, 77), Lallana (Fati, 64), Gross, Daud (Gilmor, 77), Mitoma, Adengra (Fergyuson, 85), Uelbek (Joao Pedro, 64).
Ogohlantirishlar: Lempti (4), van Hekke (24), Fernandesh (45), Mejbri (90).

APLda murabbiylar har o‘yin oldidan matbuot anjumanida qatnashadi va qisqacha fikrlarini bildirib o‘tadi. Odatda bunday kichik intervyularda qandaydir jiddiy ma’lumot olish qiyin: jarohatlarga qaramay uch ochko olish istagi haqidagi navbatchi so‘zlar va raqib manziliga qaratilgan maqtovlar. Ammo «MYu» — «Brayton» uchrashuvi oldidan mezbonlar ustozi Erik ten Hag ko‘pchilikni hayron qoldirgan holda shunday dedi: «Biz biroz boshqacha tizimda o‘ynaymiz». Amalda esa bu to‘lig‘icha boshqa tizim bo‘lib chiqdi.

Vaziyat shuni taqozo etardi, «MYu»da ayniqsa o‘ng qanot vingerlari bilan muammo yuzaga kelgandi. Sevgilisi bilan mojarodan keyin Grinvud Ispaniyaning «Xetafe» klubiga ijaraga berib yuborilgan. Antoni ham xuddi shunga o‘xshash mojaro tufayli tarkibdan chetlatilgan. Hujumning istalgan nuqtasida o‘ynashi mumkin bo‘lgan Sancho esa murabbiy bilan ziddiyatga bordi va tarkibdan chetda qoldi. Qolaversa, startdagi ikki safar o‘yinida «Tottenhem» va «Arsenal»ga yutqazgan jamoa tanaffusga 11-o‘rinda yo‘l olgan, Meyson Maunt, Lyuk Shou, Tayrell Malasiya va Amad Diallo kabi futbolchilar jarohat tufayli safdan chiqqan. Shu tufayli ten Hag terma jamoalar o‘yinlari vaqtidagi tanaffusda yangi sxema ishlab chiqdi — umuman vingerlarsiz.

O‘yin boshlanishiga bir soat qolganida «MYu» boshlang‘ich tarkibidagi 11 nom ma’lum bo‘ldi, unda Brunu o‘ng qanot vingeri sifatida ko‘rsatilgandi. Lekin amalda bunday emasdi, chunki ten Hag maydon markazidagi romb asosida sxema tuzgandi: Kazemiro — tayanch zonasida, Shotlandiyaning so‘nggi ikki o‘yinida bir gol va bir golli pas muallifi bo‘lgan va haqli ravishda «qizil iblislar» asosiy tarkibiga qaytgan Maktominey — o‘ngdagi «sakkizlik», Eriksen — chap, Fernandesh — romb uchini hosil qilgandi. Hujumda Reshford va jarohatini davolab, ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Hoylund harakat qildi, qanot himoyachilari Dalot va Lyuk Shou o‘rniga tushgan debyutant Regilonning hujumlarga qo‘shilishini kutish mumkin edi. Afsonaviy Harri Maguayr esa milliy jamoa safidagi o‘yinda avtogol urgandi va kutilganidek zaxirada qoldi.