O‘zbekiston | 08:09 / 18.09.2023
11730
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligida aholi bandligini ta’minlash dasturi ishlab chiqildi

Andijon, Buxoro, Samarqand, Termiz, Namangan, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon va Urganch shaharlarining har birida 10 ming nafar ishsiz aholi “ustoz-shogird” an’anasi asosida ipak matolarini to‘qish kasbiga jalb qilinadi.

Foto: Kun.uz

“Qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish hisobiga aholini ish o‘rinlari bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan, qishloq xo‘jaligida 2023-2024 yillarda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ma’qullanadi. 

Belgilanishicha:

a) paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish hisobiga 58,9 ming gektar ekin maydonlari aholi yashash punktlariga uzoq bo‘lmagan hududlardan O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 23 noyabrdagi PQ-20-son qarorida belgilangan tartib asosida 1 ta talabgorga:

Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘rtacha 0,1 gektargacha;
boshqa viloyatlarda 0,20 gektargacha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,30 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda 30 yil muddatga ijaraga beriladi;

b) kollektor-drenajlar va dala shiyponlari atrofidagi bo‘sh turgan maydonlar hamda yo‘l bo‘ylarida foydalanilmaydigan yer uchastkalarida mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar asosida yoqilg‘isiz isitiladigan ixcham va arzon issiqxonalar tashkil etiladi hamda 1 ta oilaga 0,025 gektardan biriktirib beriladi;

v) yangi tutzorlarni barpo qilish va yangi pillachilik xo‘jaliklarini tashkil qilish, ipak qurti urug‘idan 2-3 marotaba hosil olish orqali ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘sish sur’atlarini ta’minlash hisobiga 849,8 ming nafar aholining doimiy va mavsumiy bandligi ta’minlanadi;

Andijon, Buxoro, Samarqand, Termiz, Namangan, Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon va Urganch shaharlarining har birida 10 ming nafar ishsiz aholi “ustoz-shogird” an’anasi asosida ipak matolarini to‘qish kasbiga jalb qilinadi.

g) har bir fermer xo‘jaligida 10 tadan 20 tagacha asalari oilalari tashkil qilinadi hamda 5 ta ish o‘rni sifatida hisobga olinadi.

Mavzuga oid