«Mudofaa kuchlari yurish harakatlari chog‘ida Kleshchiyevka hududida qisman muvaffaqiyatlarga erishdi. Shturm bilan Donetsk oblastining Andiriyivka qishlog‘i egallandi, dushmanga jonli kuch va texnikada jiddiy yo‘qotishlar yetkazildi, egallangan marralarda mustahkam o‘rnashildi», — deyilgan Ukraina bosh shtabining juma kungi hisobotida.
Andriyivka ozod etilgani haqida Ukraina armiyasining ushbu hududda harakatlanayotgan 3-alohida shturmo brigadasi ham batafsil ma’lumot bergan.
«3-alohida shturm brigadasi Andriyivka aholi yashash punktini ozod etdi. Yashin tezligidagi amaliyot natijasida Rossiyaning Andriyivkadagi garnizoni qurshab olinib, asosiy kuchlardan ajratib qo‘yildi va yakson etildi», — deyilgan brigada bayonotida.
Unda qishloq uchun bir necha kun davom etgan janglar davomida Rossiyaning 72- brigadasi amalda yo‘q qilingani aytiladi: brigada razvedka boshlig‘i, uch nafar kombat va deyarli barcha piyodalar ofitserlar bilan hamda katta miqdordagi texnikalar.
«Hozirda janglar davom etmoqda, bizning bo‘linmalarimiz yangi pozitsiyalarga o‘rnashmoqda. Shuning uchun raqibning 200-, 300-lari bo‘yicha[ya’ni qurbonlar va yaradorlar] va amaliyotning boshqa qiziqarli detallari bo‘yicha — keyinroq», — deyilgan brigada xabarida.
Andriyivka qaytarib olgani haqida avvalroq Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari, urush boshlanganidan buyon Ukraina hukumatining frontdagi vaziyat bo‘yicha izoh berib kelayotgan rasmiysiga aylangan Anna Malyar xabar bergandi.
«Baxmut yo‘nalishida biz oldinga siljiyapmiz. Shimoliy qanotda dushman yo‘qotilgan pozitsiyalarini qaytarib olishga urinmoqda. Janubiy qanotda esa biz muvaffaqiyat bilan olg‘a yurmoqdamiz. Asosiy janglar Andriyivka, Kurdyumovka va Kleshchiyevka hududlarida ketmoqda. Va bu yerda biz uchun yaxshi yangilik bor — Andriyivka — bizniki», — degandi Malyar payshanba kuni.
Ammo biroz vaqt o‘tib u o‘z xabarini quyidagicha o‘zgartirgandi: «Andriyivka — vaziyat juda og‘ir va o‘zgaruvchan, biznikilarni qo‘llab-quvvatlaymiz».
O‘sha vaqtda 3-alohida shturm brigadasi matbuot xizmati mudofaa vazirligining Andriyivka ozod etilgani haqidagi xabarini muddatidan oldin berilgan xabar deb atagandi. «Andriyivka egallangani to‘g‘risidagi xabar yolg‘on va bevaqt berilgan. Hozirda Kleshchivka va Andriyivka hududlarida og‘ir janglar ketmoqda. Bunday bayonotlar zararli, shaxsiy tarkib hayotiga tahdid soladi va jangovar vazifalarni bajarishga zarar yetkazadi», — deyilgandi shu yo‘nalishda jang qilayotgan shturm brigada bayonotida.
O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining BBC Ukraina xizmatiga izoh bergan vakili mudofaa vaziri o‘rinbosarining emas, aynan 3-brigada vakillarining so‘zlariga tayanishni maslahat bergandi.


















