Qish kelishi bilan Rossiya armiyasi Ukrainada sezilarli darajada faollashdi: ruslar asta-sekin, ammo qat’iyat bilan frontning bir necha uchastkalarida oldinga siljimoqda.

BBC sharhlovchisi Ilya Abishev to‘qnashuv chizig‘idagi vaziyatni tahlil qildi.

«Dushman Baxmutdan janubda, Kleshchiyevka atrofida, Rabotinedan g‘arbda, Maryinka janubida va yanada janubroqda, Novomixaylovka shimolida yutuqlarga erishgan hamda Avdiyivka sanoat zonasini egallab olgan», — deya xabar berdi ukrainlarning DeepState OSINT-portali.

«Butun to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab vaziyat juda yomon», — deyiladi uning tahlilida.

Har ikki tomonning vaziyatdan xabardor manbalari berayotgan ma’lumotlar umuman olganda bir-biriga zid kelmaydi. Ukrain manbalari Ukraina qurolli kuchlari son jihatdan ustun dushman bosimi ostida chekinishga majbur bo‘layotganini yashirmaydi, rossiyalik manbalar — oldinga siljish ulkan yo‘qotishlar evaziga bo‘layotganini tan oladi.

«Bu yerda bir qishloq bor edi. Mana bu yerda bizning texnikalar turibdi, birodarlik qabristoni, bu yerda qanchadan qancha yigitlarimiz qurbon bo‘ldi, — deydi videoda Avdiyivka ostonasidagi janglar ishtirokchisi bo‘lgan rossiyalik harbiy. — Mana urush qilayotgan ishlar. Bularning barchasi bizning texnikalar. Oldinda yana bir birodarlik qabristoni bor», — deya ko‘rsatadi u Rossiyaning yakson etilgan tanklari va jangovar mashinalari (BMP)ni ko‘rsatib.

Rossiya hujumlari butun front chizig‘i bo‘ylab son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib olib borilmoqda — bunga qisman zirhli texnikalar yetishmasligi, qayerdadir ob-havo sharoiti sabab, ehtimol Rossiya qo‘mondonligi yirik mexanizatsiyalashgan tuzilmalarni bir joyda to‘plash befoydaligini anglashi tufayli bo‘lmoqda. Baxmutda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bo‘linmalari aynan shu tarzda harakat qilishgan — o‘shanda ham Rossiya qo‘shinlarining faollashuvi yilning sovuq vaqtiga to‘g‘ri kelgandi.

Ammo o‘shanda Rossiya qo‘shinining zarbasi birgina uchastkaga qaratilgandi. Endi esa ular ko‘plab yo‘nalishlarda bir xil qolipda harakatlanmoqda.

Avdiyivka

Uchinchi oydirki Rossiya qo‘shini Donetskdan shimolda joylashgan va hozirga kelib deyarli butkul vayron bo‘lgan Avdiyivka shaharchasiga shiddatli hujum uyushtirmoqda.

Dastlabki rejaga ko‘ra shaharni shimol va janubdagi qanotlardan kuchli zarbalar bilan yarim qurshov holatiga tushirish o‘ylangandi va jangga yirik mexanizatsiyalashgan birlashmalar va katta miqdorda artilleriya tashlangandi. Birinchi bosqichda Rossiya qismlari ukrainlarni qator pozitsiyalardan siqib chiqarishga va Avdiyivka istehkomiga ta’minot yetkazib beriladigan trassani olov nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi.