2023 yil may oyida uzoq janglardan so‘ng rus qo‘shinlari Baxmutni egallashgandi. Biroq shundan keyin boshqa yo‘nalishlarda bunday yirik muvaffaqiyat qozonilmadi. Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi ham barbod bo‘ldi, qishga kelib butun front chizig‘idagi harakatlar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Biroq Rossiya armiyasida artilleriya o‘q-dorilarini ishlatish va ishlab chiqarish bo‘yicha ustunlik bor.

Xo‘sh, 2024 yilda nimalar o‘zgarishi mumkin? «Meduza» nashri bu haqda harbiy ekspertlarning fikriga qiziqdi.

— G‘arblik ko‘pgina tahlilchilar harbiy harakatlar boshi berk ko‘chaga kirib qolanini aytishmoqda. Bu tomonlardan biri uchun foydalimi?

Rossiyalik harbiy sharhlovchi: Urush chindan ham pozitsion boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, bu 2023 yil boshlarida ro‘y bergan edi. Ukrainaning barbod bo‘lgan qarshi hujumi ham buni isbotladi. Pozitsion tupikdan chiqib ketish uchun tomonlardan biri ustunlikka ega bo‘lishi shart, lekin bunday bo‘lmayapti. Birinchidan, har ikki armiya moddiy va inson resurslari borasida qariyb teng. Ikkinchidan, razvedkaning turli ko‘rinishlari, jumladan agentura va dronlar orqali kuzatuv tufayli hujumga o‘tuvchi guruhni yoyish imkonsiz. 

Pozitsion tupik urush tabiatini o‘zgartirmoqda: u shiddatli ko‘rinishdan mosuvo bo‘ldi. Harbiy harakatlar dushman qo‘shinlari jangovarligini pasaytirishga yo‘naltirilmoqda. Bunday holdan toydiruvchi urush Rossiyaning foydasiga xizmat qiladi, degan qarashlar bor. Chunki RF o‘q-dorilar, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni frontga uzluksiz yetkazib turish barqarorligini ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi. Ukrainada bunday frontorti iqtisodiyoti yo‘q: u to‘lig‘icha ittifoqchilar yordamiga tayanadi. Biroq so‘nggi paytlarda G‘arbdagi bir necha ekspertlar va tahlilchilar ham Ukrainaga Rossiya bilan holdan toydiruvchi urushni boshlashni tavsiya qilmoqda. Ukraina mudofaa strategiyasini ishlab chiqayotgani va kamida 2025 yilgacha qarshi hujumga o‘tmasligi to‘g‘risida xabarlar bor. 

Stefan Volf, Birminghem universiteti xalqaro xavfsizlik professori: Bu juda murakkab savol. Tupik ko‘proq Rossiyaga foydali: unda ham texnik, ham insoniy resurslar ko‘proq. Harbiy sanoat kompleksining asosiy zavodlari mamlakat ichkarisida joylashgan va ularni raketa va dronlar bilan mahv etib bo‘lmaydi. 

Ukraina ittifoqchilarning qurol-yarog‘ yetkazib berishiga qattiq bog‘lanib qolgan, 2023 yilda shu tufayli muammolar kelib chiqdi. So‘nggi oylarda bu yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda — Yevropa Ittifoqining yordamiga Vengriya veto qo‘yishidan boshlab, AQSh Kongressidagi keskin munozaralargacha. Binobarin, urushning cho‘zilishi oqibatida Rossiya va Ukraina resurslari o‘rtasidagi farq kengayaveradi.