Kelajak charmsanoati uchun eng yaxshi dizaynlar. Toshkent ilk bor xalqaro charmsanoat bozori uchun ana shu mezonga asosan yosh iqtidorli dizaynerlarning nomlarini taqdim etdi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasi, Turkiyaning “Ege”, Gretsiyaning “Krit” universitetlari va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamkorligida bo‘lib o‘tgan “UzcharmStyle-2023” birinchi xalqaro yosh dizaynerlar tanlovi ilk bor o‘tkazilishiga qaramasdan o‘z mavqeyi va nomini xalqaro dizaynerlik tanlovlari qatoriga joylashtirdi.

Ko‘rgazmaning bosh tashkilotchisi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev xalqaro tanlov haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
- "Mazkur tanlov o‘tgan yillarda respublika bo‘ylab o‘tkazib kelinar edi. Joriy yilda u xalqaro maqomni oldi. Maqsadimiz mamlakatimiz hamda jahon charmsanoatiga yangi avlod dizayner va texnologlarini yetkazib berish hamda ularning ishlanmalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish orqali har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Tanlovga kelib tushgan ijodiy ishlarda eng avvalo soha uchun yangi yechimlar, innovatsion g‘oyalar hukmron. O‘ylaymizki, mazkur xalqaro tanlov O‘zbekistonning yosh dizaynerlari va ularning ishlanmalari uchun muhim platforma bo‘ladi".

Xalqaro tanlov ilk bor o‘tkazilishiga qaramasdan unda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlarning safi ko‘p ekani quvonarli xolat. O‘zbekistondan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiyadan ham 100dan ortiq arizalar kelib tushdi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha takrorlanmas ijodni uchratish mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan katta raqobatning yuzaga kelishiga asos bo‘ldi.
Yosh iste’dod egalari soha kelajagini o‘z nuqtai nazarlari bilan ko‘radi. Yangilik kiritishga harakat qiladi. Tanlovning dastlabki bosqichida xorijiy universitetlar professorlari, dizayner va texnologlari hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etib barcha ijodiy ishlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Xususan, Gretsiyaning Krit texnika universiteti professori, hakamlar hay’ati a’zosi Nikolaos Bilasis tanlov ishtirokchilarining ishlariga baho berdi.
Yoshlarning mahorati va iqtidoridan hayratdaman. Har bir ishda o‘ziga xoslik va yangilik bor. Hech qaysi detal yoddan ko‘tarilmagan. Men yoshlarni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilib, “yashil” deb atalmish yo‘nalishda ko‘proq ishlashga chaqiraman. Bu bilan ularda xalqaro maydonda yanada yuqori maqomga ega bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ladi.




















