AQŞ va Eron Qatar vositaçiligida mahbuslarni almaşdi. Bu haqda 18 sentabr, duşanba kuni Reuters axborot agentligi xabar berdi. Eron hibsxonasidan ozod etilgan beş amerikalik fuqaro Tehrondan Qatar poytaxti Dohaga uçib ketdi, har ikki tomon Dohadagi hisobraqamiga 6 milliard dollar tuşgani haqidagi tasdiqni oldi - Eron mablağlari AQŞ tomonidan kelişuv doirasida muzlatib qöyilgandi. Bundan taşqari, ozod etilganlarning ikki oila a’zosiga Eronni tark etişga ruxsat berildi.

Öz navbatida, ozod etilgan beş nafar eronlikdan ikki nafari Qatarga qöndi, dedi AQŞ rasmiysi. Kelişuvga aloqador yana uç kişi Eronga qaytmaslikka qaror qildi, deb yozadi Reuters. Mamlakat Taşqi işlar vazirligi vakilining sözlariga köra, ulardan ikki nafari AQŞda qoladi, yana biri uçinçi davlatda oilasi bilan böladi. 

Almaşiş doirasida Qöşma Ştatlar biznesmenlar Siamak Namoziy va Emad Şargiy, şuningdek, ekolog Morad Tahbazni qaytardi, deb yozadi Reuters. Uçalasi ham xorij hukumati bilan hamkorlik qilganlik yoki josuslik uçun ön yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Yana ikki kişining şaxsi oşkor etilmagan. 

Eron mablağlarni faqat insonparvarlik ehtiyojlari uçun sarflay oladi 

Mahbuslarni almaşiş böyiça kelişuv Qatarning faol vositaçiligi bilan amalga oşirildi, u yerda kamida sakkiz raund muzokaralar ötkazildi, deb yozadi Reuters. AQŞ hukumati tomonidan xatlovga olingan 6 milliard dollar ham uşbu davlat bankiga ötkazilgan. Bu pul Tehronga sof humanitar ehtiyojlar uçun sarflaşga beriladi, dedi Amerika tomoni. 

Eron mablağlarining kelişuv böyiça ötkazilişi AQŞ respublikaçilari tomonidan tanqidga uçradi. Ularga köra, prezident Jo Bayden AQŞ fuqarolari uçun amalda tölov tölagan, deb ta’kidlaydi Reuters.